09:00 / 28.12.2020
4135
«Navoiy don mahsulotlari» AJ: sohaga yangicha, noan'anaviy yondashuv rivojlanishga xizmat qilmoqda
Foto: Navoiy don mahsulotlari

«Navoiy don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yurtimizdagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Aytish mumkinki, jamiyatda hozirgi kunda sohaga o‘ziga xos yondashadigan, yangiliklarni qabul qila oladigan salohiyatli jamoa shakllangan.

«Navoiy don mahsulotlari» AJ tasarrufida ikkita un ishlab chiqarish tegirmoni, omixta yem ishlab chiqarish sexi, ikkita elevator (don omborlari), ikkita urug‘lik saralash sexi, uchta don qabul qilish shoxobchasi, yettita zamonaviy novvoyxona, yordamchi xo‘jalik va to‘rtta yopiq sig‘im ishlab turibdi.

Jamiyatda 475 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.

2014 yilda tasdiqlangan dasturga asosan Turkiyaning «Makina v Enerji» kompaniyasi bilan tegirmon jihozlari sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Natijada, jamiyatning ikkita tegirmoni sutkasiga 300 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega dastgohlar bilan to‘liq qayta modernizatsiya qilindi.

Qurilish ishlarida jamiyatning o‘zida faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi va mutaxassis xodimlarning mehnatidan foydalanilib, chetdan ishchi kuchi jalb etmagan holda, eski tegirmon dastgohlari olib tashlandi. Bino 2015 yilning may oyida to‘liq qayta ta'mirlandi. Turkiya davlatidan keltirilgan dastgohlar modernizatsiyasi 2015 yilning oktyabr oyida qisqa muddatlarda tugatilib, noyabr oyidan un mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tegirmonning qurilish loyiha qiymati 1 milliard 961 million so‘m etib belgilangandi. Ahamiyatli tomoni, jamiyatning o‘z ish kuchi va eski tegirmon qurilish ashyolaridan foydalanilgani sababli 511 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.

Eski texnologiyada 1 tonna un mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 160 kilovatt elektr energiyasi sarflanar edi. Modernizatsiyadan so‘ng 1 tonna un ishlab chiqarish uchun 95 kilovatt elektr energiyasi sarflanmoqda.

Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati yaxshilanib, xalqimiz dasturxoniga yuqori sifatli un va un mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

AJ bugungi kunda viloyatdagi chorva bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga birja savdolari orqali doimiy omixta yem mahsulotlari yetkazib bermoqda.

Don korxonalari tomonidan baliq, parranda va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan dasturga asosan ekstrudirlangan zamonaviy omixta yem ishlab chiqarish sexi qurilib, ishga tushirildi.

Xitoy davlatining Chanchjou shahridagi «Jiansu YONGLI Machineru Co.,Ltd» kompaniyasiga tegishli uskuna keltirildi. Ushbu uskuna soatiga 10 tonna granullangan yem ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Jamiyat tarkibida ikkita urug‘ saralash sexi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular Germaniyaning «Petkus» kompaniyasi don saralash uskunasi bilan jihozlangan.

Birinchi urug‘chilik sexi 120 tonna va ikkinchi urug‘chilik sexi 240 tonna urug‘lik bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega.

Urug‘chilik sexlarida qayta ishlanayotgan urug‘lik bug‘doy har yili kelgusi yil hosili uchun viloyat g‘allachilik xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

2020 yilda urug‘chilik sexlarimizga jami 9705 tonna urug‘lik don, 73637 tonna tovar don qabul qilindi.

2021 yil g‘alla hosili uchun viloyatdagi g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga taqsimot asosida urug‘lik don yetkazib berildi.

Tumanlarda joylashgan don qabul qilish shoxobchalaridan qabul qilingan bug‘doyni tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida jamiyatga 7 ta tirkamali, 2 ta o‘zi ag‘dargich, katta yuk ko‘tarish quvvatiga ega MAN rusumli transport vositalari, 2 dona frontal yuklovchi maxsus transport (pogruzchik) va «Isuzi» rusumli zamonaviy maxsus o‘t o‘chirish transport vositasi sotib olingan.

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi topshirig‘iga asosan, barcha ishlab chiqariladigan va qabul qilinadigan mahsulotlarni o‘lchash uchun jamiyat bosh korxonasida, Xatirchi, Navbahor, Konimex tumanlaridagi don qabul qilish shoxobchalarida va ikkinchi urug‘chilik sexida zamonaviy elektron tarozilar o‘rnatilgan.

Hozirgi kunda davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan bug‘doyni ochiq maydonlardan yog‘in-sochinga qoldirmay, qisqa muddatlarda yopiq sig‘imlarga kiritish maqsadida jamiyat hududida bitta 10 ming tonnalik, ikkita 5 ming tonnalik va bitta 3 ming tonnalik yopiq sig‘imlar mavjud.

Jamiyatda ishlab chiqarilayotgan va qabul qilinadigan mahsulotlarni muntazam tahlil qilib borish uchun markaziy tahlilxona yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

Jamiyat ishchi-xizmatchilarini sog‘lomlashtirish maqsadida korxona hududida sport-sog‘lomlashtirish markazi, zamonaviy ko‘rinishdagi futbol o‘yingohi ishga tushirildi. Bundan tashqari, issiqxona, limonariy, gullar-oranjyereyasi, yozgi ayvonlar va ularning yonida manzarali sharsharalar barpo etilgan. Jamiyatning tashqi va ichki hududlari to‘liq obodonlashtirilib, manzarali daraxt va gullar ekilgan.

Yuqoridagi qulayliklarning barchasi, avvalo, xalqimizga sifatli un va un mahsulotlarini yetkazib berishga xizmat qilish barobarida, ishchi-xodimlarimizning ham o‘z ishiga sidqidildan yondashishi, samarali mehnat qilishiga zamin yaratmoqda.

«Navoiy don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati

Top