18:19 / 28.12.2020
3608
O‘zbekistonda elektr energiyasi bo‘yicha 3,5 trln so‘m qarzdorlik mavjudligi ma'lum qilindi

Ayni vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha elektr energiyasidan 3 trln 500 mlrd so‘m miqdorida qarzdorlik mavjud. Bundan 2 trln 340 mlrd so‘mi aholi qarzdorligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov 28 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasidan qarzdorlik miqdori haqida ma'lumot berdi.

«Ayni vaqtda respublikamiz bo‘yicha 3 trln 500 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud. 1 dekabr holatiga ko‘ra, aholining elektr eneregiyasidan qarzdorligi – 2 trln 340 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Ijobiy holatni aytmoqchimanki, 1 oktyabrda bu qarzdorlik – 2 trln 380 mlrd so‘m bo‘lgan. 2 oy ichida ushbu qarzdorlik holati 40 mlrd so‘mga kamayishiga erishildi.

Bu natija billing tizimining joriy qilinishi evaziga bo‘ldi. Elektr energetika sohasida hech qachon qarzdorlik kamaymagan edi. Faqat oyma-oy, yilma-yil oshib kelgan. Tarixda birinchi marta noyabr oyidan boshlab aholining qarzdorligiga nafaqat joriy iste'mol elektr energiyasini undirishga, balki qo‘shimcha debitor qarzdorlikni undirib, kamaytirishga erishdik», deya rais o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, mutasaddi hozirgi kunda elektr energiyasidan eng katta qarzdorlik Samarqand viloyatida ekani, hududdagi jami qarzdorlik 655 mlrd so‘mni tashkil etishini aytib o‘tgan.

Top