19:12 / 28.12.2020
9246
Rossiya bolgariyalik diplomatga mamlakatni tark etishi uchun uch kun muhlat berdi

Rossiya tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Bolgariya harbiy attashesi podpolkovnik Mitko Borisov mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Foto: REUTERS/Stoyan Nenov

 Rossiya tashqi ishlar vazirligi Bolgariyaning Moskvadagi elchixonasi xodimlaridan birini persona non grata deb e'lon qildi. Bu haqda Rossiya TIV saytida ma'lum qilindi.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Bolgariya harbiy attashesi podpolkovnik Mitko Borisov mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

«Unga Rossiya Federatsiyasi hududini 72 soat ichida tark etish buyurildi», — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Xabar qilinishicha, bu rossiyalik diplomatning Bolgariyadan chiqarib yuborilishiga nisbatan berilgan javobdir.

Dekabr o‘rtalarida Bolgariya hukumati rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgandi. Bolgariya bosh prokurori Ivan Geshevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya elchixonasining harbiy, harbiy-havo va harbiy-dengiz attashesi 2017 yilda harbiy tusdagi maxfiy axborot yig‘ish bilan shug‘ullangan.

Top