13:37 / 29.12.2020
45474

10 sotixdan yer, ishsizlik nafaqasi oshishi va biznesni boshlash uchun 7 mln so‘m. Prezident kambag‘allikni tugatish rejalari haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidenti kambag‘allikdan chiqib ketish maqsadlari uchun kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etilishini ma'lum qildi. Davlat rahbari bu haqda parlamentga murojaatida aytib o‘tgan.

«Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun budjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini ta'minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi», dedi prezident.

Pandemiya sharoitida o‘z ishini yo‘qotgan aholi kambag‘allikka tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi ta'kidlandi. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar (223 ming so‘mdan 680 ming so‘mga) oshiriladi va bunda 6ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi.

«Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozim.

Umuman, har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda o‘z hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishi zarur. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi kerak», deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Top