18:59 / 29.12.2020
16456
«O‘zbekistonda islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish vaqti keldi» – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida O‘zbekistonda islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish vaqti yetib kelganini aytdi.

«Mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqt-soati yetib keldi. Bu borada Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi», dedi prezident.

2020 yil 4 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov shu yilning o‘zida O‘zbekistondagi 3ta bankda islomiy moliyalash joriy etilishi mumkinligini aytgan edi.

Ma'lumot uchun, islomiy moliya tarmog‘i bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o‘zida jamlagan sohalardan biri hisoblanadi.

Moliyalashning bu tizimi foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni o‘zida namoyon qilishi bilan an'anaviy banklardan farq qiladi.

Islomiy banklar mijoz talabi bilan obektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Zamonaviy bank tizimida esa banklarning savdo amaliyotlarini amalga oshirish qonunchilik nuqtayi nazaridan mushkul bo‘lib, bunga soliq hamda bank faoliyatiga taalluqli me'yoriy-huquqiy hujjatlar to‘sqinlik qiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda islomiy moliya muassasalari yalpi aktivlari miqdori 2,5 trillion dollarni tashkil etib, yiliga 15-20 foizga o‘sib bormoqda.

2020 yil boshida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi doirasida «O‘zbekistonda islomiy moliya mahsulotlari tahlili» bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqot va uning doirasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bank kreditlaridan foydalanmaslikning asosiy sabablari sifatida avvalambor, diniy qarashlar, kreditlar bo‘yicha yuqori foiz darajasi va kreditlashtirishning murakkabligi ko‘rsatilgan bo‘lib, agar mamlakatda islom moliya muassasalari tashkil etilsa, yuqoridagi so‘rovnomada ishtirok etgan qatnashuvchilarning aksariyati ushbu muassasa xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligini ta'kidlashgan. Hatto, an'anaviy banklar ham O‘zbekistonda islom moliya muassasalari tashkil qilish, moliya tarmog‘ida halol va shaffof raqobat yuzaga kelishi, natijada mamlakatga sarmoyalar oqimi o‘sishi va diversifikatsiyasiga olib kelishi haqida o‘z fikrlarini bildirgan.

Top