11:33 / 29.12.2020
8405

Prezident keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab berdi 

O‘zbekiston prezidenti keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada shu haqda ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun budjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratiladi.

Ilg‘or xalqaro amaliyot asosida, dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkaziladi.

“Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta'lim va ilmning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari ko‘rildi.

Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O‘quv dasturlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, o‘qituvchilarning ish haqi oshirildi.

Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz.

Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi”, - dedi davlat rahbari.

Prezident kelgusi yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif qildi. 

“Kelgusi yilda ta'limning barcha bo‘g‘inlarida ushbu fanlarni o‘qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. 

Shuningdek, fizika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top