11:57 / 29.12.2020
5921

Prezident maktabgacha ta'lim sohasida xususiy sektor ulushi oshirilishi haqida gapirdi

Prezident parlamentga murojaatida 2021 yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

«Bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi.

Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz – ijtimoiy ahvolidan qat'i nazar, bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta'lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta'lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga budjetdan 600 milliard so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi.

Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta'limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YuNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta'limni uyda berish modeli ham yo‘lga qo‘yiladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top