14:10 / 29.12.2020
18869
Prezident tabiiy gaz ta'minotidagi monopoliya bekor qilinishini ma'lum qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaati davomida O‘zbekistonda saqlanib qolayotgan monopoliyalarni bekor qilish haqida gapirdi.

Prezident tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun teng imkoniyatlar yaratish zarurligini ta'kidladi.

«Hozirgi kunda elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral o‘g‘itlar, transport xizmatlari kabi yo‘nalishlarda monopol bozorlar mavjud bo‘lib, ularda ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu o‘rinda bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib boradi. Shuning uchun neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazishimiz lozim.

Jumladan, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste'molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz ta'minotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste'molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. «O‘ztransgaz» kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi.

Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi», dedi davlat rahbari.

Top