14:45 / 29.12.2020
3939
«PSJ» Tomas Tuxel iste'fosini rasman e'lon qildi

«Pari Sen-Jyermen» klubi rasmiy sayti jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel iste'foga chiqarilganini rasman tasdiqladi.

Parij klubi germaniyalik mutaxassis qo‘l ostida ikki yil davomida 95 o‘yinda g‘alaba qozonib, 12ta durang va 20 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Tuxel boshqaruvida «PSJ» ikki karra Fransiya chempioni (2019, 2020), Fransiya kubogi sohibi (2020), Liga kubogi (2020) va o‘z tarixida ilk marta Chempionlar ligasi o‘tgan mavsumida finalga qadar yetib bordi.

Avvalroq, murabbiy bilan amaldagi shartnoma 2021 yilning yoziga qadar belgilangani va kelishuv muddatdan avval bekor qilingani tufayli nemis mutaxassisiga klub tomonidan 6 million yevro tovon puli to‘lanishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Tuxel o‘rniga «PSJ» bosh murabbiyi sifatida argentinalik murabbiy Maurisio Pochettino tayinlanishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Top