22:47 / 30.12.2020
2451
Akmal Saidov: So‘nggi 4 yilda O‘zbekiston eng ko‘p yutuqqa erishgan yo‘nalish – tashqi siyosat

O‘zbekistonga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi, deydi deputat.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining 1-o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov Xalqaro press-klub sessiyasida so‘zga chiqdi.

«So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonning eng ko‘p yutuqlarga erishgan sohasi bu – tashqi siyosat. Haqiqatan, O‘zbekistonning xalqaro obro‘si, imiji o‘zgardi. O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.

Buning asosiy sababi – ichki siyosatdagi erishilgan yutuqlar, deb bilaman. Chunki tashqi siyosatdagi yutuqlar bu ichki siyosatning uzviy davomidir. Agar ichki siyosatda o‘zgarish bo‘lmasa, tashqi siyosatda bo‘lmaydi.

Oldin biz 25 yilda bitta rezolyutsiyani tashabbus qilgandik. So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan bir yilda 3ta rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston endi xalqaro norma ijodkorlikda ham faol bo‘lyapti», – deydi Saidov.

U, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yilda erishilgan katta yutuqlardan yana biri – bu inson huquqlari yo‘nalishi ekanini qayd etdi.

«Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston tanqid obekti edi. Hozirgi kunda esa O‘zbekistonning ijobiy demokratik tajribasi o‘rganish obektiga aylandi. Namuna bo‘lyapti. Diniy erkinlik bo‘yicha AQSh davlat departamenti ro‘yxatdan chiqarishda O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘ladi, deb aytyapti.

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha noyob milliy institutlar tizimi shakllandi. Avval faqat Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bor edi. Keyingi yillarda biznes ombudsman instituti shakllandi. O‘tgan yili esa bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman tuzildi», – deydi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori.

Top