23:55 / 30.12.2020
22901
Coca-Cola Uzbekistan’dagi davlat ulushini sotib olish uchun 3ta taklif tushgani ma'lum qilindi

Kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish uchun 3 ta taklif kelib tushgan. Tartib-qoidaga binoan taklif egalari nomi aytilmayapti. Rotshild kompaniyasi kelgan takliflarni yig‘adi. U auksionni bir «ploshadka»si hisoblanadi, deya ta'kidlamoqda bosh vazir o‘rinbosari.

Foto: REUTERS/Darren Whiteside/Files

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro press-klubning 30 dekabr kungi sessiyasida «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»dagi davlat ulushini sotish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida gapirdi.

«Bugungi kungacha 3 ta taklif kelib tushgan. Tartib-qoidaga binoan buni hozir ayta olmayman. Bu bo‘yicha auksion bo‘ladi. Rotshild kompaniyasi kelgan takliflarni yig‘adi. U auksionni bir «ploshadka»si hisoblanyapti. Masalan, Rotshildlar «bu kompaniya 40 million (dollar) bildirdi, bunisi 50 million yoki 70 million dollar» deb kelib tushgan takliflarni bizga taqdim etadi. Kimdir 70 million bermoqchi bo‘lsa, shu bilan O‘zbekiston hukumati muzokarani boshlaydi. Buning ma'nosi shu narxni yana ham ko‘paytirish bo‘ladi», – deya vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»dagi davlat ulushini xususiylashtirish uchun sotish masalasi 2018 yildan buyon yangrab keladi.  Shu yilning noyabrida mazkur kompaniyadagi davlat ulushini sotish bo‘yicha xorijiy kompaniyalarga murojaat qilingan.

2020 yil 29 dekabrdagi O‘zbekiston prezidentining parlamentga yo‘llagan murojaatida ham 2021 yilda 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi, xususan, «Koka-kola ichimligi» korxonasi tarmog‘ini xususiylashtirish  ishlari amalga oshirilishi aytilgandi.

Ma'lumot uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ ustav kapitalidagi 57,118 foiz ulushini davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan oshkora sotuv jarayoni orqali sotish istagi to‘g‘risida e'lon qilgan.

«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning ishlab chiqarish quvvatlari Toshkent, Namangan va Urganchdagi uchta korxonadan iborat. Shuningdek, jamiyat zamonaviy omborxonalar tarmog‘iga ega. Bundan tashqari, Samarqandda yangi korxonani qurish rejalashtirilgan. 

2019 yil 31 dekabrda yakunlangan o‘n ikki oylik davrda jamiyatning daromadi 1,4 trln so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich 2018 yil 31 dekabr holatiga qariyb 46 foiz o‘sishni ko‘rsatdi.

 

Top