18:33 / 30.12.2020
2955
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritdi
Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Bugun, 30 dekabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJda ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha muvofiqlik sertifikatini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumki, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ energetika tizimidagi jadal rivojlanib borayotgan, salohiyatli tashkilotlardan biri sifatida iste'molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida tizimli ishlar olib bormoqda. Jamiyat o‘z faoliyatiga jahonning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish, elektr energiya iste'molchilariga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali energetika sohasida mavqeini yanada mustahkamlamoqda.

Xususan, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining ijro apparati ISO 9001:2015 xalqaro sifat menejmenti tizimi auditidan muvaffaqiyatli o‘tib, muvofiqlik standartini qo‘lga kiritgani Jamiyat tomonidan elektr energiyasi iste'molchilari talab va ehtiyojlarini doimiy qondirib borish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlarning yana bir mahsuli ekanligidan dalolatdir.

«Sert International» sertifikatlash organi direktori Marat Xabibulin muvofiqlik sertifikatini topshirar ekan, yangi yil bayrami arafasida jamoa faoliyatiga bu kabi ijobiy baho berilishi kelgusida Jamiyat boshqaruv sifatini yanada yaxshilash va ko‘lamini kengaytirishga omil bo‘lishini ta'kidladi.

Audit xulosalari shuni ko‘rsatdiki, Jamiyat boshqaruv raisi tomonidan ijro apparati faoliyatiga ISO 9001:2015 xalqaro standartini joriy etishga alohida ahamiyat qaratilib, boshqaruv tizimidagi mutaxassislarning ish yuritishda yuqori malakaga ega ekanligi, qolaversa, xodimlarning samarali mehnati uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgani alohida e'tirofga loyiqdir, – dedi u. 

Ma'lumki, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan elektr energiyani yakuniy iste'molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarish vakolatiga ega.

Ayni paytda Jamiyat tasarrufidagi 14 ta hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hamda 230 ta tuman va shahar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 35-110 kV kuchlanishga ega 1 623 ta nimstansiya, 82 591 ta transformator punkti va 252,2 ming km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari orqali O‘zbekiston Respublikasining maishiy va yuridik iste'molchilariga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Yurtimizda energetika tarmog‘ining rivoji hamda energetik resurslarga talabning oshib borayotganligi ISO 9000 toifasidagi xalqaro standartlarga rioya qilinishi hamda uning rasmiy va ommaviy tarzda tasdiqlanishi iste'molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadini ko‘zlagan har qanday jamoa uchun muhim ahamiyatga egadir.

Tadbir so‘ngida sifat menejmenti tizimining joriy etilishi Jamiyat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, faoliyat natijalarini yaxshilash yo‘lida mustahkam poydevor hozirlash va, umuman olganda, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning barqaror rivojlanishini ta'minlashda muhim rol o‘ynashi ta'kidlab o‘tildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Top