22:55 / 30.12.2020
10526
O‘zbekistonda avtobus-bog‘chalar faoliyat boshlamoqda

«Aqlvoy» mobil bog‘chalari maktabgacha ta'lim tashkilotlari bo‘lmagan chekka hududlardagi bolalarga bepul xizmat ko‘rsatadi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi 49ta «Aqlvoy» avtobusi – mobil bog‘chalarning yangi partiyasini foydalanishga topshirdi.

Ular uzoq, borish qiyin bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarga maktabgacha ta'lim xizmatini ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu haqda avtobuslar taqdimotida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda respublika bo‘ylab 3,5 mingdan ortiq mahallada davlat bog‘chalari yo‘q. Bu hududlarda bolalar zarur bilimsiz va maktabga tayyorgarliksiz qolishmoqda.

«Aqlvoy» avtobuslari esa bu muammoga yechim bo‘ladi. Loyihaning pilot bosqichida mobil bog‘chalarga talab yuqoriligi ma'lum bo‘ldi. Ota-onalar o‘z farzandlarini shu kabi bog‘chalarga yozdirib qo‘yishdi», – dedi Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

«Aqlvoy» avtobuslari quyosh batareyasi, konditsioner, hojatxona, issiq-sovuq suv, tamaddilarni isitish uchun joy kabi qulayliklarga ega.

Mobil bog‘chalarda hamshira yo‘qligi bois tarbiyachilar zaruriy tibbiy bilim va ko‘nikmalar bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.

Mobil bog‘chalar bepul xizmat ko‘rsatadi.

Bildirilishicha, «Aqlvoy» avtobuslari yanvar oyidan o‘z ishini boshlaydi, ularning to‘liq quvvatda ishga tushishi 2021 yil bahoriga rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2021 yilda respublika bo‘yicha jami 98ta tumanda mobil bog‘chalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Top