18:47 / 30.12.2020
2962
O‘zbekistonliklarning 33 foizi davlat hokimiyati faoliyatini «qoniqarli» baholaydi – «Ijtimoiy fikr»

Ko‘pchilik uchun 2020 yil «misli ko‘rilmagan murakkab yil» bo‘lgan. «Ijtimoiy fikr» aholi orasida o‘tkazilgan katta so‘rovnoma natijasini ma'lum qildi.

Foto: ijtimoiyfikr.uz

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «O‘zbekiston: jamoatchilik – 2020» mavzusida kompleks sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi. Unda yakunlanayotgan yilda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi haqida fuqarolarning fikri o‘rganildi, o‘zbekistonliklarning ijtimoiy kayfiyati hamda davlat va jamiyat hayotining asosiy sohalarida erishilgan natijalardan aholining qoniqish darajasi aniqlandi, deb xabar bermoqda markaz axborot xizmati.

Ta'kidlanishicha, ko‘pchilik tomonidan 2020 yil misli ko‘rilmagan murakkab yil sifatida qabul qilinmoqda.

«Fuqarolar «uning tezroq tugashi» istagini his qilmoqdalar, lekin duch kelingan barcha muammolar va qiyinchiliklarga qaramasdan, so‘rov ishtirokchilarining fikricha, bu yil «kutilgan darajada yomon yil bo‘lmadi», asosiy ko‘pchilikning hayoti bir maromdagi izga tushdi», — deyiladi markaz xabarida.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, 61,3 foiz fuqarolar mamlakatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni ijobiy baholagani qayd etilgan.

So‘ralganlardan uchdan bir qismining hisoblashicha, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini  «qoniqarli» deb baholash mumkin.

Top