01:37 / 30.12.2020
13436

Rossiya tergov qo‘mitasi Navalniyga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi

Tergov qo‘mitasining gumoniga ko‘ra, Navalniy qator notijorat tashkilotlari faoliyati ehtiyoji uchun 588 million rubldan ortiq mablag‘ to‘plagan va bu mablag‘ning 356 million rublini shaxsiy maqsadlari uchun sarflagan.

Foto: Izvestiya

Rossiya tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. U o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik jinoyatini sodir etishda gumonlanmoqda.

Tergov qo‘mitasining bildirishicha, muxolifatchi qator notijorat tashkilotlari faoliyati ehtiyoji uchun 588 million rubldan ortiq mablag‘ to‘plagan. Gap «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi», «Yilning beshinchi fasli ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash fondi», «Fuqarolar huquqlari himoyasini tashkil etish va muvofiqlashtirish fondi», «Fuqarolar huquqlarini ta'minlash fondi» va «ShTAB fuqarolar huquqlarini himoya qilish fondi» to‘g‘risida bormoqda.

Qo‘mitaning gumoniga ko‘ra, u yig‘ilgan mablag‘ning 356 million rublini shaxsiy maqsadlari uchun sarflagan. Ma'lumot berilishicha, Navalniy bu pullarni ko‘chmas mulk, moddiy qiymatliklar sotib olgan va turli xarajatlar, jumladan, xorijda dam olish uchun ishlatgan.

Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketilgach, 7 sentyabrgacha koma holatida bo‘ldi. Keyinchalik oyoqqa turgan Navalniy o‘zining zaharlanishi shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini aytgan.

Top