18:05 / 30.12.2020
4452
Sog‘liqni saqlash vaziri bepul vitaminlar qanday tarqatilishi bo‘yicha izoh berdi

Xalqaro press klubning 30 dekabrda o‘tkazilgan sessiyasi davomida Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev davlat rahbari murojaatida aytilgan bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollarga zarur vositalar berilishiga oid rejalar bo‘yicha izoh berdi.

Foto: Xalqaro press klub

«Prezident o‘z murojaatida sog‘liqni saqlash tizimiga yuklagan asosiy vazifalar orasida aholi salomatligini tug‘ilgan vaqtidan boshlab asrashga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish ham bor. Bu kompleks chora-tadbirlarda bolalar, homilador ayollarga biz nutritiv moddalar deb ataydigan vitaminlar, yod, temir preparatlari berilishi mo‘ljallangan va buning uchun 100 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. 2021 yil mart oyidan boshlab bu vositalarni tarqatishni boshlaymiz.

Tarqatish mexanizmini ham qayta ko‘rib chiqamiz. Zarur vositalar avvalgidek viloyat, shahar va tumanlarning o‘zida emas, har bitta oilaviy poliklinika, qishloq vrachlik punktlari va mahallalargacha yetib borib, o‘sha yerdagi oilaviy shifokor tomonidan tarqatiladi. Bu bir tomondan dori vositalarining maqsadli ishlatilishiga zamin yaratadi, ikkinchi tomondan o‘sha oilaviy shifokor nufuzi, xalqning unga ishonchi oshishiga xizmat qiladi», – dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, prezident o‘z murojaatida bu masalaga alohida to‘xtalgandi.

«Ona va bola sog‘lig‘iga e'tibor – jamiyatga, kelajakka e'tibor. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.

Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi», – dedi davlat rahbari.

Top