20:24 / 30.12.2020
6660
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga kiritib qo‘yishga va'da berayotgan firibgarlar aldovidan ogohlantirdi. Chunki o‘zbekistonliklarning Rossiyaga individual kirishlariga ruxsat berilmagan.

Foto: RIA Novosti

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida Rossiya hududiga kirish uchun ruxsat olib berish bo‘yicha taklif etilayotgan xizmatlar hamda O‘zbekistondan Rossiyaga borib, mamlakatga kiritilmayotgan fuqarolar haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu bois, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘z munosabatini e'lon qildi. Unda jumladan shunday deyiladi:

«Koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi bo‘yicha RF hukumatining 2020 yil 16 martdagi «Rossiya Federatsiyasiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash hamda vizalar va taklifnomalarni berishni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida»gi farmoyishi bilan qator cheklovlar joriy etilgan.

Ayrim toifadagi fuqarolardan tashqari o‘zbekistonliklarning individual tarzda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Rossiya hududiga kirishiga ruxsat yo‘q. Faqatgina Rossiya hukumatining koronavirusga qarshi shtabi tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan ro‘yxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar ushbu mamlakatga kiritilmoqda.

Ayni paytda Rossiya hududida ishlash istagidagi O‘zbekiston fuqarolarini pandemiya va undan keyingi davrda tashkillashtirilgan holda kirish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Afsuski, ushbu vaziyatdan foydalanib, ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni turli asossiz xabarlar bilan chalg‘itish va firibgarlik orqali pul topishga urinish holatlari yuz bermoqda.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan Rossiya Federatsiyasi hududiga olib kirib qo‘yish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmasliklarini va turli yo‘llar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmasliklarini tavsiya qilamiz.

Turli soxta hujjatlar bilan chegaralarni kesib o‘tishga urinish O‘zbekiston va Rossiya qonunlariga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari va ish beruvchilarning tanlovlaridan o‘tgan taqdirda tashkillashtirilgan holda ushbu mamlakatga ishga ketishlari mumkin», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz «Rossiyaga yubormoqchi bo‘layotgan firmalardan ogoh bo‘ling: ularning hammasi ham ishonchli emas» sarlavhali maqolasida karantin sabab O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasiga kirishi cheklanganidan ustomonlik bilan foydalanib, daromad orttirishga urinayotgan ayrim “uddaburon tadbirkorlar” va'dasiga ishonmaslikni, ularning aldoviga uchmaslikdan ogohlantirgan edi. 

Top