08:03 / 31.12.2020
8000

AnDU doktoranti doktorlik dissertatsiyasini muddatdan avval himoya qilgani uchun 112 mln so‘m rag‘batlantirish oldi

Behzodbek Sirojidinov 2020 yil yanvar oyida botanika ixtisosligi bo‘yicha doktoranturaga qabul qilingan, deb xabar bermoqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.

U joriy yilning noyabr oyida FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi biologiya fanlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengash navbatdagi yig‘ilishida «G‘o‘za navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish» mavzusida biologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini himoya qildi.

Qayd etilishicha, yosh olim Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 noyabrdagi 696-son qarori 16-bandiga muvofiq, o‘qish muddati tamom bo‘lishidan 2 yil oldin doktorlik dissertatsiyasini (DSc) himoya qilgani uchun 112 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.

Behzodbek Sirojidinov 2017 yilda biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2020 yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. U shu vaqtga qadar ilmiy-tadqiqot ishlariga doir 2ta monografiya, 1ta o‘quv hamda 3ta uslubiy qo‘llanma, 80dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop ettirgan, 1ta patent guvohnomasi mavjud. «G‘alaba» nomli yangi paxta navini yaratgan.

Yosh tadqiqotchi ilmiy ishining ahamiyati shundaki, g‘o‘za genofondida mavjud bo‘lgan yovvoyi turlar asosida yangi, genetik jihatdan boyitilgan interogressiv duragay shakllar olishga erishgan. Bu g‘o‘za zararkunandalarga qarshi o‘zining tabiiy «immunitet»iga ega bo‘lishini ta'minlaydi va paxta yog‘i tarkibidagi eng zararli modda hisoblanmish gossipolning miqdorini kamaytirish imkonini beradi.

Top