18:53 / 31.12.2020
8228
Andijonda yangi obektlar tantanali ravishda ochildi. Shuhrat Abdurahmonov - yil yakunlari haqida

Andijon viloyatida bir qator sanoat va ijtimoiy soha obektlarining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Shu kunlarda hududda ishga tushirilgan 30 ta ana shunday obektlarda 5 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, shu kunlarda ko‘p qavatli uylardagi 432ta xonadon foydalanishga topshirildi.

30 dekabr kuni Paxtaobod tumanida «Oltin mato teks» korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirok etdi.

Mazkur korxona 400 ta ish o‘rniga ega bo‘lib, asosan kalava ip ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uning loyiha qiymati 135,5 mlrd so‘mga teng.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 5 ming 100 tonnani tashkil etadi. U yerga Shveytsariya, Germaniya va Turkiyaning zamonaviy dastgohlari keltirib o‘rnatilgan.

Shu kuni viloyatdagi 121 ta oila Xo‘jaobod tumani Abdulla Nabiyev nomli massivda qurib bitkazilgan turar joy kalitlarini tantanali ravishda viloyat hokimidan qabul qilib oldi.

Viloyatning Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Baliqchi, Andijon, Marhamat tumanlaridan ko‘chib kelgan nogiron va mehnatga layoqati cheklangan, uy-joyga muhtoj fuqarolar uchun yangi turar joy maskanida zarur sharoitlar bor. Maktab, bog‘cha, madaniyat saroyi, ishlab chiqarish korxonalari shular jumlasidan.

31 dekabr Andijon shahrining Mustaqillik ko‘chasida barpo etilgan yangi xonadonlar turli sohalarda muvaffaqiyatlarga erishayotgan 60 ta yosh oilaga tantanali tarzda topshirildi.

Viloyat hokimi yosh oilalarga yangi uylarning kalitlarini davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va ularning ota-onalari, keksalar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyati Kengashi faollari ishtirokida topshirdi.

«Yoshlar uylari» 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti asosida berildi. Yangi uylar ikki va uch xonali. Bolalar uchun o‘yin maydonchalari ham qurilgan.

«2020 yilda biz 42 mingta ish o‘rni yaratiladigan 958 ta loyihani rejalashtirgan edik. Mana bugun shulardan biri – Paxtaobod tumanidagi «Oltin mato teks» korxonasini ochdik. Bu yerda 400 nafarga yaqin xotin-qizlar muqim ish o‘rni bilan ta'minlandi. Ularning oylik maoshi 2 mln so‘m atrofida.

Biz bu yil viloyatimiz bo‘yicha 958 ta 7,4 trln so‘mlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan edik. Hammasi 100 foiz amalga oshyapti. Kelasi 2021 yilda oldimizga shuni 130 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Ya'ni bu yil 7,4 trln so‘mlik qilgan bo‘lsak, bugun qo‘limizda 11,5 trln so‘mlik loyihalar turibdi.

Bugun-erta ochilayotgan 30dan ortiq obektdan 26 tasi sanoat korxonalaridir.

Bundan tashqari, yil yakuni bo‘yicha biz uy-joyga muhtoj oilalarni uy bilan ta'minlashni ham oldimizga juda katta maqsad qilib olgan edik. Bugun, mana, Bog‘ishamol hududida 432 ta xonadonni uy-joyga muhtoj va ehtiyojmand oilalarga topshirdik. Shundan 132 tasi davlatimiz tomonidan subsidiyalangan, ya'ni boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilgan aholi qatlamidir.

Bundan tashqari, Mustaqillik ko‘chasidagi bugun foydalanishga topshirilgan «Yoshlar uyi»ga 60 ta xonadonga yosh oilalarimiz imtiyozli ravishda ega bo‘lishdi», – dedi viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Elmurod Ermatov,

Jahongir Mahmudov

Top