11:41 / 31.12.2020
3428
Budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

“Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalari kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qonun bilan 4ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Mazkur tartib 2021 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

Budjet kodeksi Soliq kodeksi hamda amaldagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.

Budjet kodeksiga tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarga oid norma kiritildi. Unga ko‘ra, tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar qaytarmaslik sharti bilan hududiy budjetlar, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozidan oshgan qismini qoplash uchun beriladi.

Budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibi belgilandi. Budjet mablag‘lari taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25 sanasiga qadar o‘z saytlarida quyidagi ma'lumotlarni joylashtirishi lozim:

  • o‘ziga tegishli budjet tashkilotlari kesimida budjet mablag‘lari taqsimoti;
  • davriy moliyaviy hisobotlar;
  • kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi.
Top