17:21 / 01.01.2021
14218

«Ibtido»dan 700 betlik kitoblargacha. Blogerlar - 2020 yilda o‘qigan kitoblari haqida

O‘zbek blogosferasining bir necha faollari 2020 yilda mutolaa qilganlari orasidan o‘zlariga yoqqan kitoblar haqida ma'lumot berishdi. Asarlar ro‘yxati va ularga berilgan tavsiflar yangi yildagi mutolaangiz uchun asqotsa yoki kitob o‘qishga motivatsiya uyg‘otsa ajabmas.

Firuz Allayev, tadbirkor, Asaxiy.uz internet do‘koni asoschisi, «Allaev Uz» blogi muallifi:

– Bu yil 50dan ortiq kitobni o‘qib tugatdim. Ular orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim:

«Baxt yetkazish», Toni Shey. Milliard dollarlik internet-do‘kon tarixi. (5-marta o‘qishim)

XXI asrning eng kuchli top menejyerlaridan biri, tadbirkor Toni Shey kitobda biznes yaratish, uni boshqarish, jamoa shakllantirish, xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha bebaho maslahatlar beradi. Tadbirkor odam qo‘liga bir dona kitob tutqaz va u shu zahoti biznesini o‘zgartira boshlasin deyishsa, shu kitobni bergan bo‘lardim.

«Ibtido», Den Braun

Den Braun o‘zining yangi romanida sizni go‘zal Ispaniyaga sayohat qildiradi. U har doimgidek sizni butun kitob davomida bosim ostida ushlaydi, keyingi betda nima bo‘larkan deb 700 betlik kitobni 2–3 kunda o‘qishingiz mumkin. Kitobning yoqqan tomoni – juda ko‘plab ilmiy va tarixiy ma'lumotlarga boyitilgan, XXI asr uchun muhim falsafiy savollar berilgan.

«Javdarzordagi xaloskor», Jyerom Selinjyer

Jahon adabiyoti tarixidagi eng mashhur asarlardan biri bo‘lgan roman nihoyat o‘zbek tilida chiqdi. Insonning dunyoqarashi, ichki kechinmalari, ularning qaysidir voqelik orqali o‘zgarishi haqida juda jiddiy savollar qo‘ygan kitob.

Foto: Asaxiy.uz

«Sarmoyador», Teodor Drayzer

Kitob voqealari kapitalizm, moral haqida ko‘plab savollarni qo‘yadi.

«Farengeyt bo‘yicha 451 daraja», Rey Bredberi

Antiutopiya janrida Oruyellning «1984» kitobidan kam mashhur bo‘lmagan roman sizni yashayotgan dunyomizga nisbatan turli xil savollarni berishga majbur qiladi. Dunyoqarashda o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan kitob.

«Bu yil o‘zim uchun tushunarli bo‘lmagan sababdan badiiy kitob juda kam o‘qidim: odatda badiiy asarlarga alohida vaqt ajratardim, ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblarni esa ishim, ilmiy faoliyatim doirasida ko‘rib chiqaverardim. Ammo bu yilning o‘zi g‘alati bo‘ldi, odamlarning tartibini, odatlarini buzib yubordi. Men ham biroz tartibdan chiqqanim, odatlarimni buzganim g‘alati yil uchun tabiiy holat bo‘lsa kerak».

Eldar Asanov, tilshunos, «Asanov formati» blogi muallifi:

«Bukri tol», Shukur Xolmirzayev

Shukur Xolmirzayev ijodiy priyomlari bilan yaxshi tanishligimga qaramay, bu asari meni o‘ylantirib qo‘ydi, kutilmagan ma'nolar berdi.

Aslida «Bukri tol» bugun ham ko‘p uchraydigan holatni ko‘rsatadi: yaxshi, ko‘ngli ochiq, samimiy odamlarni uchratasan, lekin kutilmaganda u poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, o‘g‘rilik kabi illatlarga normal qarashini tushunib qolasan. Nazarimda, bu bizning jamiyatda ko‘p uchraydi – korrupsiyani oddiy qabul qilish urf bo‘lib qolgan. Odamlar yomon bo‘lgani uchun emas, shunchaki jamiyatda shunaqa tartiblar o‘rnashib qolgani bois korrupsiyaga oddiy holday qaray boshlaydi. «Bukri tol»da mana shu g‘ayritabiiy hodisa ochib berilgan.

«Ayvengo», Valter Skott

Taniqli shotland romanistining mashhur «Ayvengo» romanini o‘qimaganimni eshitgan ba'zilar hayron qolardi. Ularning fikricha, adabiyotga yaqin inson barcha klassik asarlar bilan tanish bo‘lishi shart shekilli. Lekin men negadir shu asarga hech qiziqmaganman. Bu yil uni mutolaa qilishimga sabab esa uni o‘qimay, eshitganimdir. Ha, «Ayvengo» audiokitobini eshitdim.

Bu kitobdan yaxshi estetik zavq oldim. Kitob voqealari juda chuqur, ikir-chikiriga qadar o‘ylangani, mantiqiy xatolar deyarli yo‘qligi, tasvir jonliligi, obrazlar yorqinligi, asosiysi, syujyet ingliz tarixi va mifologiyasi bilan uyg‘unlashtirib yuborilgani menga ma'qul keldi.

«Rossiyskiy narod», Valeriy Tishkov

Tishkov Rossiya antropologiyasiga konstruktivizmni olib kirgan odam hisoblanadi. U birinchi bo‘lib rus xalqining kelib chiqishini klassik sovetcha etnogenetik nazariyalar yordamida emas, konstruktivistik qarash negizida yoritib bergan ekan. Kitob juda katta va qiziqarli ekan. Maza qilib o‘qidim, ko‘p narsa o‘rgandim. O‘zbek (yoki O‘zbekiston) xalqi haqida ham mana shunaqa monografik izlanish zarur, menimcha.

«Uygurskiye gosudarstva v IX–XII vekax», Anatoliy Malyavkin

VIII asrda O‘rxun daryosi bo‘yida istiqomat qilgan uyg‘urlar Sharqiy Turk xoqonligi qudratini sindirib, o‘z davlatini tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo yag‘laqar va ediz sulolalarining o‘zaro kurashi natijasida zaiflashgan davlatlar qirg‘izlarning zarbalariga uchrab, parchalanib ketadi. Uyg‘urlar qirg‘indan qochib, turli taraflarga ko‘chib keta boshlaydi. Muhojirlarning juda katta qismi Xitoy chegarasida to‘planib qoladi. Imperiya hukumati ularni qabul qilish borasida uzoq o‘ylaydi; bu orada uyg‘urlarning bir qismi Xitoydan voz kechib, sobiq G‘arbiy turk xoqonligi yerlariga – Sharqiy Turkistonga ko‘chadi. Shu tariqa, Xitoy va Markaziy Osiyo xaritasining turli nuqtalarida mayda uyg‘ur davlatchalari tashkil topadi. Ularning ayrimlari tarixda muhim rol o‘ynasa, boshqalari amal-taqal qilib umrguzaronlik qiladi. Ana shu qochqinlarning avlodlari bugun uyg‘ur, o‘zbek, sariq uyg‘ur kabi nomlar ostidagi xalqlarning tarkibiga singib ketgan. Mintaqa tarixining kichik bir qismi juda maroqli qilib hikoya qilingan bu kitobni hammaga tavsiya qilgan bo‘lardim.

«Srednyaya Aziya i Yevraziyskaya step v drevnosti», Igor Pyankov

Igor Pyankovning kimligini bilmaydiganlar u taftish qilgan Panjakent va Ajinatepa arxeologik obektlari haqida eng kamida maktab darsliklarida o‘qigan. Ha, Ajinatepadan 12 metrlik Budda haykalini topgan odamlardan biri bo‘ladi u.

Pyankovning tilga olingan kitobi olimning 60 yillik tadqiqotlariga yakun yasaydi. U O‘rta Osiyoning qadimgi tarixini arxeologik, yozma va boshqa manbalar asosida o‘rganib, ko‘plab muammoli masalalarda o‘z qarashlarini, nazariyalarini ishlab chiqqan. Kitobda mana shu nazariyalarga, ularni asoslashga katta e'tibor qaratilgan. O‘rta Osiyo tarixini boshqacharoq yoritishga, xususan, eng qadimgi davlatchilik tafsilotlarini tiklashga urinishlar bor. Xullas, juda ajoyib, kattakon tadqiqot. 700 betlik kitoblarni o‘qishga qiziqadiganlarga tavsiya etiladi.

«Making Turkmenistan», Adriyen Lin Edgar

Oxirgi paytlarda G‘arb akademiyasida O‘rta Osiyo davlatlarining shakllanish tarixini yangi, konstruktivistik nuqtayi nazardan qayta yozish urf bo‘lmoqda. Marta Brill Olkottning The Kazakhs, Adib Xolidning Making Uzbekistan kitoblari mana shu harakat doirasida dunyoga keldi. Making Turkmenistan shu tadqiqotlarni davom ettiradi. Unda zamonaviy Turkmaniston davlati va turkman millati shakllanishi tasvirlanadi.

Behzod Mamadiyev, jurnalist, «Vashington kundaligi» blogi muallifi:

«The Rise and Fall of the Third Reich», William L. Shirer

Gitler Germaniyasining paydo bo‘lishi va yakson qilinishi tarixi batafsil bayon etilgan kitob.

«Homo Deus: A Brief History of Tomorrow», Yuval Noah Harari

Mashhur isroillik tarixchi Yuval Hararining kelajak haqidagi qarashlari.

«Chaos Monkeys: Obscene Fortune and Random Failure in Silicon Valley», Antonio Garcia Martinez

O‘z startapini Feysbukka sotgan ishbilarmonning Kremniy vodiysi qanday ishlashi haqida ichkaridan turib bergan ma'lumotlari.

«Romanovs», Simon Sebag Montefiore

Chor Rossiyasining so‘nggi saltanati – Romanovlar sulolasi tarixi.

«Six Months in 1945: From World War to Cold War», Michael Dobbs

Ikkinchi jahon urushining tugashi va Sovuq urush davri qanday boshlangani haqida qiziqarli va faktlarga asoslangan kitob.

«The Future is History: How Totalitarianism Reclaimed Russia», Masha Gessen

Demokratiyaga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lgan Rossiyaning qanday qilib Putin davrida to‘liq totalitarizmga qaytgani haqida.

«The Big Three in Economics» , Mark Skousen

Bu kitobda zamonaviy iqtisodiyotda katta iz qoldirgan uch iqtisodchi – Adam Smit, Karl Marks va Jon Maynard hayoti va ilmiy qarashlari tahlil qilingan.

«Flash Poins: The Emerging Crisis in Europe», George Friedman

Kitobda go‘yoki juda yaqin va ziddiyatlarsiz ko‘rinadigan Yevropa davlatlari orasida aslida juda keskin muammo va ehtimoliy to‘qnashuvlar borligi haqida hikoya qilinadi.

«A Higher Loyalty: Truth, Lies, and Leadership», James Comey

Federal qidiruv byurosi sobiq direktori Jyeyms Komi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan qanday ishlagani haqida yozgan memuar.

«Winners Take All: The Elite Charade of Changing the World», Anand Giridharadas

Dunyoning biznes va siyosiy elitasi qanday ishlashi, ular jiddiy o‘zgarishlardan manfaatdor emasligi, chunki bu o‘zgarishlar ularning maqomiga putur yetkazishi haqida qiziqarli kitob.

Mavzuga oid
Top