16:36 / 01.01.2021
32626

Rejasiz qurilishlar, import ehtiyoji va gaz narxi. Energetika vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan Senatdagi chiqishi bo‘yicha izoh berdi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

– 11 dekabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati kengashining majlisida bergan hisobotingiz ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yig‘ilishda jahon bozorida ming kub metr gazning narxi 150 dollar, lekin uni xalqqa ancha arzon narxlarda yetkazib bermoqdamiz deb aytgansiz. Biroq surishtiruvlarimiz davomida bu narx 100 dollar va undan kamroq ekanligiga guvoh bo‘ldik. Siz qaysi manbalarga asoslanib jahon bozoridagi ming kub metr gaz 150 dollar deb aytgansiz?

– Ruxsat bersangiz, so‘zimni majlisda nima uchun narx haqida gapirganimdan boshlasam. Chunki u yerda nega shuncha paytdan beri infratuzilmani yangilamagansizlar, nega bu narsalar oxirgi 30 yilda yaxshi moliyalashtirilmagan degan savol berilgan edi. Shunda men O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning taxminan uchdan biri aholiga berilishi, uning narxi gazning eksport narxidan kelib chiqilgani, hozirgi kunda gazni 1500 so‘mdan sotayotgan bo‘lsak [eksportga], aholiga 380 so‘mdan yetkazib berilayotganini aytgandim. Tafovut ko‘rinib turibdi. Ya'ni gaz yillar davomida bozor narxida sotilmagani uchun infratuzilma yangilanmay qolavergan.

Senat kengashi yig‘ilishida yana bitta masala ko‘tarilgan edi, bu ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘p muhokama qilinadi. Ya'ni senatorlar tomonidan O‘zbekistonda aholining o‘ziga gaz yetmay turgan vaqtda gazni chetga eksport qilish qanchalik to‘g‘riligi bo‘yicha savol berilgan edi. Oldinlari gaz ko‘proq eksport qilinganining sababi aholiga sotilayotgan gazning narxi nisbatan arzon bo‘lgani uchun eksport evaziga qoplangan. Bizda aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib yondashilgani, davlat hamisha odamlarni o‘ylagani uchun gaz boymi, kambag‘almi hammaga 380 so‘mdan sotiladi. Narxdagi tafovut esa eksport hisobidan qoplanadi.

Bizning gazning narxi yuqorida ta'kidlaganimdek o‘rtacha 380 so‘mdan bo‘ladi. To‘g‘ri, Senat kengashi yig‘ilishida ming kub metr gazning narxini dollarda aytib, xayolan so‘mga o‘girmoqchi bo‘ldim. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, bunaqa katta yig‘ilishda birinchi bor bo‘lganim uchun hayajon bo‘ldi, 1 kub metr gaz narxi haqida gapiraman deb 1,38 sent deb yuborganman. Bitta gapni tugatmay xayolan boshqasiga o‘tib ketganim uchun tushunmovchilik kelib chiqdi. Jahon bozorda 150 dollar deganim esa odatda hisob-kitob bo‘layotganda ming kubga hisoblanadi. Men bir kub metr gaz narxini aytaman deb biroz adashdim. Lekin 380 so‘mni dollarga konvertatsiya qiladigan bo‘lsak, narx kelib chiqadi. 

– Yana o‘sha yig‘ilishga qaytamiz, bergan hisobotingizda 2020 yil oxirigacha iqtisodiyot tarmoqlarida 28,4 mlrd kub metr, aholiga 11,4 mlrd kub metr gaz yetkazib berilishi hamda suyultirilgan gazning hajmi 543,4 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan deb aytdingiz. Bu aholining tabiiy gaz va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojining necha foizini qoplaydi?

– Oldinlari, taxminan 2010-2015 yillardagi gazlashtirish holatini oladigan bo‘lsak, aholining 20 foizi suyultirilgan gazdan foydalangan, ya'ni gaz tarmog‘iga ulanmagan. Qolgan 80 foizi gaz bilan ta'minlangan.

Gaz tizimiga ulangan bo‘lsa-da, ayrim hududlarga texnik sharoitlarga ko‘ra gaz yetib bormagan. Masalan, bitta quvurni oladigan bo‘lsak, bitta qishloq yoki tumanga shu quvur orqali gaz yetkazib borilgan. Quvur tortib borilgan paytda u tumanlarda ishlab chiqarish bo‘lmagan. Ya'ni katta ulgurji iste'molchilar bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shu sababli, gaz ta'minotida muammolar kuzatilmagan. Biroq tarmoqqa ulgurji iste'molchilar ham ulana boshlaganidan keyin tumanning ba'zi qismlariga gaz to‘liq yetib bormagan bo‘lishi mumkin. Yoki gaz bosimi tushib ketgan.

O‘zbekiston bo‘yicha shunaqa aholi punktlari aniqlanib, yetib bormagandan ko‘ra ularni suyultirilgan gaz va ko‘mirga o‘tkazsak, yo‘qdan ko‘ra gaz yetkazib beriladi deya o‘z paytida qaror qabul qilingan. Hozirgi paytda taxminan 50 foiz aholi xonadonlari, obektlar suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan, qolgan 50 foizi esa tabiiy gaz bilan ta'minlangan.

Endi yana bir narsani inobatga olishimiz kerak. Oxirgi 3-4 yilda biznesga katta imkoniyat yaratib berilayotgani ortidan aholiga ketayotgan quvurlarga ulangan ulgurji iste'molchilar soni ko‘paymoqda. Oldinlari tadbirkorlarga yer ajratish ancha qiyin bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ancha osonlashtirildi. Minglab gektar issiqxonalar qurildi, eksportni oshirish bo‘yicha hududlarda ishlab chiqarishlar ochildi. Bizda keramika sanoati rivojlanmoqda va bularning hammasi gazga asoslangan. Ya'ni ularning mahsulotlarini tayyorlashda katta miqdorda gaz ishlatiladi.

Bundan tashqari, faqat Toshkentda emas tumanlarda ham ko‘p qavatli uylar qurilmoqda va bu ham gazga bo‘lgan talabni oshirdi. Qishloq qurilishi dasturi orqali qanchadan qancha uylar qurildi. Ushbu uylarga ham, ulgurji iste'molchilarga ham gaz mavjud quvurlar orqali yetkazib berilmoqda. Ya'ni iste'molchilar ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, markaziy quvurlarni kengaytirmasdan mavjud quvurlarga ulangan. Shu sababli infrastruktura hozirgi talablarga javob berolmaydi. Iste'molchilarning talabi oshib borayotgani va yetkazib berish borasida uzilish yuzaga kelgan.

Bundan tashqari, viloyat, shahar va tumanlarning ko‘p yillik rivojlanish rejalari bo‘lmagan. Agar «genplan» bo‘lganida qaysidir bir viloyat yoki shahar bizga chiqib, «rejamizda shuncha yilda shuncha qurilish, ishlab chiqarish rejalashtirilgan, shunga yarasha iste'mol ham 10 yil ichida oshadi» deganida gaz tizimi o‘shanga moslashgan bo‘lar edi. Shunda, misol uchun, «2025 yilda shuncha gaz yetkazib bera olamiz, shunga qarab rejalashtiringlar, lekin 2025 yildan ushbu ishlarni amalga oshirsak, undan keyin gaz yetkazib berish imkoniyati ko‘p bo‘ladi», deb kelishilmagan.

Misol uchun, mas'ullar kelishadi, reja tuzilib mana shuncha uy quriladi deyiladi va biz shundan keyingina reaksiya bildiramiz. Agar oldindan mana shunaqa rejalarimiz bor deyilganda, kelayotgan qurilmalar ham shunga yarasha modernizatsiya qilinadi. Bu narsalarning hammasi hozirda qaytadan ko‘rib chiqilmoqda.

Mana hozir hokimlarga ham juda ko‘p vakolatlar berildi, ular ham ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda. Olingan soliqlarning bir qismi o‘zlarida qoladigan bo‘lgani uchun ular ham ko‘proq ishlab chiqarishni ko‘paytirishga harakat qilishmoqda. Hokimlarga rahmat, bizga ma'lumotlar berib turishibdi.

– Senatdagi chiqishingizda ham rivojlangan davlatlarni bekorga misol qilib keltirmagan edingiz. Chunki ularda bu tarmoq allaqachon xususiylashgan va shu sababli infrastruktura ancha yaxshi, tizimdagi muammolar u yerda hal etilgan. Bizda ham energetika sohasi qaysidir darajada xususiylashtiriladi degan gaplar chiqqandi. Lekin shundan keyin bir yangilik eshitmadik. Nima uchun bu xususiy qo‘lga, tadbirkorlarga berilmayapti?

– To‘g‘ri aytasiz. Faqat bir narsani inobatga olishimiz kerak bunday katta tarmoqni shoshilinch tarzda xususiylashtirish oson narsa emas. Bunga pishiq-puxta tayyorgarlik qilishimiz kerak. Baribir shunga boramiz. Chunki davlatning insonlarning ijtimoiy hayotiga aralashuvini kamaytirib borishimiz kerak. Chunki bozor iqtisodiyotida talab va taklif katta rol o‘ynaydi.

Shuning uchun tarmoq xususiylashadigan bo‘lsa, insonlarning talabi oshgani sari yetkazib beruvchi o‘sha talabga javob berishim kerak, ko‘proq gaz yetkazib berishim kerak deb o‘z infrastrukturasiga ko‘proq pul tikadi. Lekin bunga yetib borish uchun qonunchiligimizga kerakli o‘zgartirishlarni kiritib, iste'molchilar huquqlarini maksimal darajada himoya qilib berish, xususiy davlat sherikchiligiga kirib kelayotgan kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni tayyor qilib berishimiz kerak.

Tizimni aldamaydigan, narxni hadeb oshirmaydigan tadbirkorlar ishlashi kerak, chunki agar adolatsiz narxlarni qo‘yadigan bo‘lsa oxiri baribir aholi jabr ko‘radi. Shuni hisobga olishimiz kerakki, bu tadbirkor foyda ham ko‘rishi kerak. O‘shaning orasidagi muvozanatni topib beruvchi qanaqadir normativ hujjat bo‘lishi kerakki, six ham kabob ham kuymasligi kerak. Hamma narsada muvozanatga amal qiladigan tizim yaratishimiz kerak.

– Kun.uz’ning Telegram-kanalida agar gaz uzluksiz yetkazib berilsa, gaz uchun hozirgidan uch-to‘rt barobar yuqori to‘lov qilishga rozi bo‘larmidingiz degan mazmunda so‘rov o‘tkazildi. Yuz mingga yaqin kishi ushbu so‘rovda ishtirok etgan. Shulardan 28 foizi ushbu shartga roziligini bildirgan. 54 foizi yo‘q degan javobni bergan. Qaysidir darajada uzluksiz gazni sotib olishga xohish bor. O‘zingiz ham aytdingiz, 2025 yilga borib baribir ushbu tizimga o‘tiladi. Bu narx-navolarga qanday ta'sir qiladi?

– Hisobli do‘st ayrilmas degan gap bor. Avvalambor bu narsalarni tizimda tatbiq qilish uchun aniq raqamlar kerak. Avtomatlashtirilgan, onlayn tizimda ishlaydigan hisob yurituvchi uskunalarni hamma tarmoqlarga qo‘yganimizdan keyin biz aholining, biznesning, ijtimoiy obektlarning real iste'molini ajratib olamiz. Xususiylashtirishning qonunlaridan bittasi bu - biznesmen biznes reja tuzadi. Biznes rejani tuzish uchun bozorni o‘rganib, raqamlarni bilish kerak. Aniq raqamlar bo‘lsa, investor ham shunga qarab moliyalashtiradi.

Davlat bu narsani taklif qiladigan bo‘lsa ham xuddi shunday narsalar kerak bo‘ladi. Investorga bir hududni beradigan bo‘lsa, ushbu hudud bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni berishimiz kerak. Qancha investitsiya qilinadi, qancha foyda ko‘riladi yoki tender qilinadi mana shuncha biznes modeli desa kim arzonroq foyda bilan shu yerni olaman desa, kimning iqtisodiy imkoniyatlari bo‘lsa shunga qarab beriladi.

Har qanday islohotdan asosiy maqsad – shaffoflikni ta'minlash hisoblanadi. Investorni chaqirmoqchi bo‘lsangiz, tizim shaffof bo‘lishi shart. Shuning uchun ham raqamlashtirish juda katta rol o‘ynaydi. Raqamlashtirishni tugatamiz, bizda aniq raqamlar bo‘ladi. Shunga qarab taqsimlash, kerak bo‘lsa import qilish, o‘zimizning hududda qazib chiqarilayotgan gaz bilan aholi to‘liq ta'minlab, qolganini biznesga beradigan bo‘lsak, ularga ham, bularga ham yetadi.

Masalan, bu yil aholiga 11,4 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lsa, aslida rejadan ko‘p berilmoqda va shunda ham yetmayapti. Havo keskin sovib ketgan kunlari kuniga taxminan 10-15 mln kub metrgacha gaz berilmoqda, shunda ham yetmayapti.

Shuning uchun ham keyingi yilga aholiga 13 mlrd kubometr gaz yetkazib berishni rejalashtirdik. Hozir ASKUG (gaz ta'minoti hisobini avtomatik nazorat qilish) tizimi ancha oldinga ketdi, 2021 yilning iyul oyida ushbu tizimga to‘liq o‘tiladigan bo‘lsa, sentyabr oyida billing tizimi yo‘lga qo‘yilsa, iste'mol qilinayotgan real gazning miqdorini aniq bilamiz, keyingi yil qish mavsumiga aniq raqamlar va tayyorgarlik bilan kirib boramiz.

– Demak, hozirgi muammolarning yuzaga kelishiga sizlarda aniq raqamlar mavjud emasligi ham sabab bo‘lmoqda, to‘g‘rimi?

To‘g‘ri. Ilgari taqsimot mavjud resurslardan kelib chiqib amalga oshirilgan. Hozirda prezident ham, bosh vazir ham yig‘ilishlarda yondashuvlarni zamonaviylashtirish haqida gapirmoqdalar. Bu yildan ozroq o‘zgarish bo‘ldi, keyingi yilga katta rejalar tuzilmoqda. Iqtisodiyotimizning talabidan kelib chiqib resurs bilan ta'minlash talabi qo‘yilmoqda.

Kerak bo‘lsa import qilib va gaz import qilar ekanmiz deb vahimaga tushish kerak emas. Issiqxonalar misolida aytadigan bo‘lsam, pomidor yetishtirishga ixtisoslashgan bir gektar maydondagi issiqxona bir mavsumda taxminan 355 ming kubometr gaz yoqadi. Bu issiqxonadan o‘rtacha 300 ming tonna pomidor olinadi. 300 ming tonna pomidorning eksporti bir dollardan hisoblasangiz ham 300 ming dollar bo‘ladi. 355 ming kubometr gaz 35 ming dollar atrofida bo‘ladi. 35 ming dollar sarflab, chet eldan gaz olib kelgan taqdirimizda ham ishlab chiqarilgan mahsulotni eksport qiladigan bo‘lsak, 300 ming dollar O‘zbekistonga kirib keladi.

Xuddi shu kabi sement yoki boshqa zavodlarga ham import qilib ta'minlab beradigan bo‘lsak, qimmatroq bo‘lsa ham menga yetkazib bergin, ishlab chiqarish imkoniyatimdan kelib chiqib ishlab chiqaray, meni qisqartirmanglar desa, ularning talabini bajarish mumkin bo‘ladi. Hozirgi vaqtda ob-havo keskin sovuq kelgan paytda biz ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan gazni qisqartirishga majburmiz. Ular hali ham kafolatlanmagan mavsumiy iste'molchilar hisoblanadi. Avvalo asosiy maqsad – gazni aholiga yetkazib berish. Shuning uchun gaz zapravkalarini o‘chiramiz, boshqa iste'molchilarni kamaytiramiz.

– Ammo ishlab chiqaruvchilar orasida elektr ta'minoti to‘liq bo‘lmayotgani uchun zarar ko‘rayotganlar yoki gaz yo‘qligi uchun zarar ko‘rayotganlar bor. Agar elektr energiyasi hisobini avtomatik nazorat qilish tizimi 2020 yilning oxirigacha, gaz ta'minotini avtomatik hisoblash tizimi 2021 yilning iyul oyigacha to‘liq joriy etilsa, shunda 2022 yilda sizlarga qancha elektr, qancha gaz kerakligi bo‘yicha to‘liq ma'lumot bo‘ladi, shundaymi? 2022 yilda mana shu muammolar bo‘lmaydi deb xalqni ishontirib, uzil-kesil ayta olasizmi?

– Muammolar yuz foiz yo‘qotiladi desam balki ozgina adasharman. Lekin men aminmanki, bu yilga nisbatan muammolarimiz ancha kamaygan bo‘ladi. Chunki keyingi yil o‘zimizning oldimizga juda katta rejalarni qo‘yganmiz.

Bizda gaz ta'minoti bilan eng tanqis bo‘lgan paytda 3,5 mln abonent, ya'ni gaz yetkazib beriluvchi xonadonlar bo‘lsa, eng avjiga chiqqan paytda taxminan 200 mingta xonadonga yetkazib berilmagan bo‘lishi mumkin. Bu umumiy iste'molchilarning 7 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Umumiy tarzda olib qaraydigan bo‘lsak ijtimoiy tarmoqlarda o‘qisangiz hamma joyda shunday muammo bor deb o‘ylashingiz mumkin.

To‘g‘ri, ba'zi joylarga elektr energiya yetib bormayotgan bo‘lishi mumkin, ba'zi joylarga gaz yetib bormayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin umumiy oladigan bo‘lsak, 70-80 foiz joylarga gaz normal yetib bormoqda deb o‘ylayman. Lekin haligi aytgan raqamlarim, bitta xonadonmi, o‘nta xonadonmi o‘sha yerda odamlar yashaydi. Yoshi katta yoki chaqaloqlar bo‘lishi mumkin. Vijdonim oldida javob beradigan bo‘lsam, men uchun gaz aholi xonadoniga yetib borishi biznes uchun gaz yetkazilishidan ko‘ra muhimroq. Chunki biznes to‘xtab tursa faqat puldan talafot ko‘rish mumkin. Lekin bu yerda odamlarning sog‘lig‘i bor. Qolaversa, bemorlar, go‘daklar, yoshi katta insonlarga uy sovuq bo‘lsa qiyin.

Shuningdek, odamlar qo‘lbola uyni isitish vositalarini qo‘yganda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishmaydi. Bu ham o‘z navbatida talafotlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli, biz uchun hozir eng muhimi aholining holati yaxshi bo‘lishi. Aholi, aholi va yana aholi, shundan keyingina biznes va boshqalar bo‘lishi mumkin.

– Ayni paytda gaz eksporti keskin kamaytirildi. Davlat rahbari ham tabiiy gaz eng avvalo ichki bozorga, xalqimizga yetkazib berilishi kerakligi haqida tizim rahbarlariga topshiriq berdi. Eksport to‘xtatilgan bo‘lsa ham nega ichki bozorda ehtiyoj hali ham davom etib, tanqislik yuzaga kelmoqda?

– Pandemiya paytida biz eksport qiladigan davlatlarda gaz iste'moli kamaygani sababli eksport cheklangan, uch-to‘rt barobar kamaygan. Buning natijasida gazi eksport qilinayotgan korxonalarimiz o‘zining gaz qazib olish suratlarini kamaytirgan. Yoz paytida hech kimda gaz bilan muammo kuzatilmaydi va asosan gazga talab kun sovishidan boshlab kelib chiqadi.

Gaz eksport qilinmagani uchun uni qazib olish yoz oyida to‘xtatilgan. Lekin kelayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish natijasida chet el korxonalari bilan muzokara olib borib, ishlab chiqarilayotgan gazlarni aholiga yo‘naltirish rejasida kelishuv amalga oshagan va ularning ishlab chiqarish sur'atlarini oshirib ilgari pandemiyadan oldingi sur'atlarga chiqarib, hammasi iqtisodiyot va aholiga yo‘naltirilgan.

Muhtaram prezidentimiz yig‘ilishda eksportni yig‘ishtirib aholiga beringlar deganlaridan keyin eksport minimal darajaga olib tushildi. Eksport haqidagi savolga javob beradigan bo‘lsam, aytishim mumkinki, O‘zbekiston hududida sharqiy yo‘nalishda eksport qilinadigan gaz quvurlari qurilgan. Gaz quvurlari qurilayotganda ma'lum majburiyatlarni ham olganmiz. Bu ham O‘zbekistonga daromad keltiruvchi quvur, chunki Turkmanistonning gazini sharqiy yo‘nalishda tashishga imkoniyat beradi. Tashishning ham o‘ziga yarasha tariflari bor va «Asiatrans» O‘zbekistonga ancha daromad keltiradigan kompaniya hisoblanadi.

Chet ellik hamkorlar bilan kelishilgan holda ularga ma'lumotini berib, hamma gaz ichkariga yo‘naltirildi. Ichkariga yo‘naltirilganidan keyin gaz tarqatishimiz ancha yaxshilandi. Kuniga qo‘shimcha 3-4 mln kub gaz tizimga kirib kelishni boshladi. Lekin tizimdagi infrastrukturada cheklovlar bo‘lgani sababli bitta quvurdan ham aholi, ham ulgurji iste'molchilar foydalangani uchun agar ulgurji iste'molchilarga cheklovlar qo‘ymasak, gazning oxirgi nuqtagacha yetib borishi ancha qiyin bo‘lmoqda. Lekin oldingiga nisbatan ancha yengillashdi.

Yig‘ilishda 2020 yilda jami elektr-energiya resurslari 71,1 mlrd kVt-soatni, shundan ishlab chiqarish 65,9 mlrd kVt-soatni, import esa 5.2 mlrd kVt-soatni tashkil qilganini aytgansiz. Shuni oddiy tilda izohlab bera olasizmi?

– Elektr tarmoqlari ham o‘ziga yarasha o‘rgimchak to‘riga o‘xshagan bo‘ladi. Misol uchun, bir xil joylarimizda elektr energiyani Qoraqalpog‘istondan O‘zbekistonning markazi yoki sharqiy qismiga tortib kelgandan ko‘ra, uni Qozog‘istonga berib, qo‘shnilarimizning o‘zimizga yaqinroq joylaridan Toshkentga yoki iste'mol kattaroq bo‘lgan hududlarimizga elektr energiyasi olib kiriladi.

Sovet davrida energetika yagona tizim bo‘lgan. Bu tizim ancha yildan beri ishlatilmayotgandi. 2017 yildan boshlab prezidentimizning birinchi qadamlari qo‘shni davlatlarga tashrifdan boshlandi. Bu qilinayotgan qadamlarning biz energetiklarga yana bir foydali tarafi qo‘shni davlatlarning energetika tizimi bilan integratsiya yana tiklanishiga olib keladi.

Shuning uchun ba'zida Qoraqalpog‘istonda ko‘proq energiya ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa Qozog‘istonga beramiz. Farg‘ona vodiysi, Toshkent tomonlarga ulardan olamiz. Shuning uchun men ishlab chiqarish elektr-energiyada asosiy ko‘rsatkich deb hisoblayman import va eksport doimo suzuvchi-o‘zgaruvchi raqam. Chunki kimdandir olib, kimgadir berib turasiz. Shuning uchun ko‘proq ishlab chiqarilgan ko‘rsatkichlarga ahamiyat bersak yaxshi bo‘lar edi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Tasvirchi: Abdusalim Abduvohidov

Top