12:13 / 01.01.2021
6633

Senatorlar: Konstitutsiya bo‘yicha qonun 18 dekabrdagi majlis kun tartibiga kiritilmagandi

Taraqqiyot strategiyasi markazida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

 

  • Qonun bilan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini inobatga olib, Konstitutsiyaning 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. O‘zgartirish kiritilayotgan moddada aniqlik kiritilishicha, O‘zbekiston sud tizimi Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlardan iborat. Ushbu o‘zgartirish O‘zbekiston prezidentining 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra kiritilmoqda, farmonga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab sud tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.

Tadbirda Kun.uz muxbiri Senat ushbu qonunni nima uchun 18 dekabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlis kun tartibidan olib tashlangani hamda loyihalarni Senatga kelib tushgan va senatorlar tasdiqlagan variantidagi farqlar jamoatchilikka e'lon qilinishi borasida savol berdi.

Oliy Majlis Senati Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyevning aytishicha, kun tartibi yalpi majlis bo‘lib o‘tadigan kuni tasdiqlanadi. «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi avvaldan kun tartibida bo‘lmagan.

«Loyiha jihatidan biz qo‘mitalarda muhokama qilishimiz mumkin, lekin kun tartibi yalpi majlisning o‘zida tasdiqlanadi. U yerda [kun tartibida] «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yo‘q edi», – dedi senator.

Shuningdek, Shuhrat Cho‘lliyev Qonunchilik palatasidan Senatga kelib tushib muhokama qilinayotgan loyihalarning matnida farqlar bo‘lmasligini ma'lum qildi.

Shuhrat Cho‘lliyev

«Chunki bizning haqqimiz yo‘q. Qonunchilik palatasidan qonun bo‘lib chiqadi, loyiha emas. Shuning uchun biz uning bitta nuqtasini ham o‘zgartirishga haqqimiz yo‘q. Agar o‘zgartiradigan bo‘lsak, biz uni qaytarishimiz kerak. Bizning bunga e'tirozlarimiz yo‘q, chunki bizning fikrimiz bo‘yicha bu [«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi] ancha muhokamalardan o‘tgan. Iyul oyida prezident farmoni qabul qilinishidan oldin biz senatorlar joylarga chiqib, sudlar va mahalliy kengashlar bilan muhokama qilgan edik. Xalq o‘zi buni ko‘targan edi, «sudni optimizatsiya qilish kerak, juda tarqoq bo‘lib ketdi» degan ma'noda. Hozirgi o‘zgarishlar shu bilan bog‘liq.

Sizlar ayrim deputatlarga murojaat qilgansizlar, ular aytgan: «Biz Senatga yuborganmiz, Senat bilgan ishini qilsin». O‘sha deputatlardagi matn bilan bizdagi matnni solishtiring, agarda birorta o‘zgarish bo‘lsa javobini beramiz», – dedi Shuhrat Cho‘lliyev.

Shuningdek, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov ham masala yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.

«Yalpi majlis faqat kengash tasdig‘i bilan o‘tkaziladi. Kun tartibini mana shu kengash kollegial tartibda hal qiladi, kengashning tasdig‘i bo‘lmagan hujjat ko‘rilmaydi. Bizda unaqa «qo‘limizga yetmagan» qonunlar ko‘p. Bu degani Qonunchilik palatasi Senatga «futbol» qilgani bilan ertasi kuni olib indinga qabul qilmaymiz.

Senatning funksiyasi qonunni ma'qullash yoki ma'qullamaslik. Agar matnda biror tushunmovchilik ko‘rsak, biz uni ma'qullamaymiz. Loyiha keyin Qonunchilik palatasiga, ulardan loyiha tashabbusi bo‘lgan tashkilotga tushadi. Bular uni boshqatdan ishlab chiqadi», – dedi Narimon Umarov.

Narimon Umarov

Avvalroq, Akmal Saidov bu masalada Qonunchilik palatasi hammasini to‘g‘ri bajarganini aytgan edi.

«Men Senat uchun emas, faqatgina Qonunchilik palatasi uchun javob beraman. «Qanday qilib Qonunchilik palatasidan o‘tib ketdi?» degan kesatig‘ingizga ham qo‘shilmayman. Biz Konstitutsiya bo‘yicha va kiritilgan qonunlar bo‘yicha ishlaganmiz hamda buni oxiriga yetkazdik. Biz O‘zbekistonda yangi sud tizimi bo‘yicha barcha kerakli qonunlarni qabul qildik. Bu 1 yanvardan ishlashi kerak. Lekin Senat...», – deya boshlagan gapini ochiq qoldirgan edi u.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raislari o‘rinbosarlari ham «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tganini aytib, bu yerda Konstitutsiyaning 128-moddasi talablari buzilmaganini bildirishgan.

  • Eslatib o‘tamiz, Senat ushbu qonunni 18 dekabr kuni o‘tkazilgan o‘zining so‘nggi yalpi majlisida ko‘rib chiqishi kerak edi, Senat rasmiy saytida bu haqda xabar berilgandi, biroq internetda Konstitutsiyaga muvofiq (128-modda) parlament Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni faqat keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risida e'tirozlar bildirilgach, masala kun tartibidan olib tashlangandi.
  • Konstitutsiyaning 128-moddasi talabiga ko‘ra, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin 6 oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartish va tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin.

·        Senatning 6 yanvar kuni o‘tkaziladigan yalpi majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun ko‘rib chiqiladi.

Top