13:30 / 01.01.2021
17109

Video: Toshkent aeroportida xorijdan keluvchilarning testdan o‘tkazilishi qanday kechmoqda?

25 dekabrdan boshlab O‘zbekistonga koronavirus hamda uning yangi shtammi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xorijdan kirib keluvchi barcha shaxslar o‘z hisobidan chegara punkti hududida koronavirusga ekspress test olish tartibi joriy qilindi. Bu o‘z o‘rnida ayrim tushunmovchiliklar va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu xizmatning qimmatligi, yo‘lovchilarning vaqtini olib tirbandliklar paydo bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bo‘ldi.

Aeroportda tirbandlikning oldini olish maqsadida yo‘lovchilar oqimi terminalning 5ta zonasiga yo‘naltirilmoqda. 5ta bankomat va 2ta valuta ayirboshlash shoxobchalari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportning uchib kelish zalida har 15-20 daqiqada ijtimoiy masofani saqlash va pandemiya qoidalariga amal qilish bo‘yicha ovozli eslatmalar e’lon qilib boriladi.

«Uzbekistan Airports» AJ Toshkent xalqaro aeroporti direktorining Tashuvlar va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umid Hamrayev aeroportda yo‘lga qo‘yilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Umid Hamrayev

«Yurtimizga kerib kelayotgan yo‘lovchilarda PZR testining manfiy natijasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma mavjudligidan qat’i nazar ulardan belgilangan tartibda ekspress test olinishi belgilab qo‘yilgan.

Toshkent xalqaro aeroportining «Tibbiyot dunyosi» MChJ bilan imzolagan shartnomasiga ko‘ra, test tahlillarini olish vakolati ularga yuklatilgan va yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘lovchilarning katta oqimi kirib kelganda, ularni tashkil qilingan 5ta zonaga yo‘naltirish ishlari aeroport xodimlari tomonidan nazorat qilinadi. Hozir bizga Mashhad-Toshkent yo‘nalishida reys tashrif buyuradi. Jarayonni kuzatishingiz mumkin», dedi u.

«Tibbiyot dunyosi» MChJ direktor o‘rinbosari Bahrom Almatov aeroportga kelgan yo‘lovchilar ekspress test topshirishi uchun 150 ming so‘m narx belgilangani, 28 dekabrdan bu narx 95 ming so‘mga tushirilgani, talabalar esa 50 ming evaziga test topshirishlari mumkinligini ma’lum qildi.

Bahrom Almatov

«Yo‘lovchilardan PZR test emas, ekspress test olinmoqda. PZR testga eng kamida 4-5 soat ketsa, ekspress testga 15 daqiqa ketadi. 25 dekabrdan buyon mamlakatimizga 12ta davlatdan 11512 nafar yo‘lovchi kirib kelgan bo‘lsa, shulardan 21 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ular Zangiotada joylashgan koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan shifoxonaga joylashtirildi», deydi u.

Yo‘lovchilar hududga kirib kelgach, haroratlari o‘lchanmoqda. Test topshirishda registratsiya jarayonida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlariga maxsus shtrix kod yopishtiriladi. Bu jarayonga 1 daqiqadan ko‘proq vaqt ketadi. Ular test topshirib, yuklarini olib bojxona nazorat punktlariga o‘tishadi. Ungacha test natijalari punktlarda o‘rnatilgan postga elektron nazorat orqali yetib keladi va agar yo‘lovchida infeksiya aniqlansa, u maxsus tibbiy xonaga o‘tkaziladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top