19:35 / 02.01.2021
24974
Afg‘onistonlik investor ishi: jinoyat ishida yana tergovchi almashgan

Toshkent shahar prokuraturasi  afg‘onistonlik investor ishi bo‘yicha jinoyat ishi tergovi boshqa tergovchiga o‘tkazilgani va dastlabki tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgani haqida ma'lumot berdi.

“Afg‘oniston Respublikasi fuqarosi Barekzay Aymalning arizasiga asosan dastlab 2019 yil 29 oktyabrda Yakkasaroy tumani ichki ishlar organi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism A bandiga ko‘ra ochilgan. Jinoyat qo‘zg‘atilishiga fuqaro Xushvaqtov Faxriddin firibgarlik yo‘li bilan afg‘onistonliklarga tegishli bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi, ya'ni 80 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritganligi asos bo‘lgan.

Afg‘onistonlik investor Toshkentda katta pulga aldanib qoldi. U tergov ishi  cho‘zilayotganidan shubhalanmoqda
Faxriddin Xushvaqtov

Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasiga dastlabki tergov jarayonlarini davom ettirish uchun kelib tushgan va tergov jarayonida haqiqatdan ham Xushvaqtov Faxriddin mazkur firibgarlik jinoyatini sodir qilganligi ish hujjatlaridan to‘plangan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Shu sababli ushbu fuqaroga nisbatan 2020 yilning 6 iyulida Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya'ni firibgarlik yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini egallash jinoyati bo‘yicha sirtdan ayb e'lon qilinib, Xushvaqtovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e'lon qilingan.

Hozirda qidiruv harakatlari Sergeli tumani ichki ishlar organi tomonidan olib borilmoqda. Qidiruvni jadallashtirish bo‘yicha biz tomonimizdan doimiy nazorat o‘rnatilgan, bir qator topshiriqlar berilgan. Berilgan topshiriqlarimiz bo‘yicha tezkor xodimlarimiz tomonidan o‘zlarining vakolat doirasida barcha ishlar bajarilmoqda. Hozirgi kungacha Xushvaqtovning qayerda ekanini aniqlashning imkoniyati bo‘lgani yo‘q.

Shu sababli jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga ko‘ra harakatdan to‘xtatilgan. Bu jinoyat ishi bo‘yicha barcha tergov harakatlari ayblanuvchi ushlanganidan keyin tiklanadi. Tiklangan ish jarayonidan arizachilarning qanday qo‘shimcha vajlari bo‘lsa, hammasini qabul qilamiz. Har bir vaj bo‘yicha tergovning xolisona olib borilishini ta'minlaymiz”, deya Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Vohidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Baxtiyor Vohidov

Vohidovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borgan tergovchi xizmat safarida ekani bois tergov jarayonini olib borish boshqa tergovchiga topshirilgan.

Kun.uz caytida e'lon qilingan maqola ortidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimi Akmal Ataxanovga nisbatan qayta xizmat tekshiruvi tayinlangani va u xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra ishdan olingani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, u tergovga jalb etildimi? Toshkent shahar prokuraturasi mas'uli bu borada quyidagilarni ma'lum qildi:

“Ataxanov bilan Xushvaqtov o‘zaro jinoiy til biriktirib bu jinoyatni sodir qilganmi yoki jinoiy til biriktirmasdan sodir qilganmi bu bo‘yicha Xushvaqtov ushlanganidan keyin tergov organi tomonidan barcha to‘plangan materiallarni baholash orqali ularning harakatiga qonuniy baho beriladi. Shu sababli hozirda oldindan biron narsa deyish vakolatiga ega emasmiz.

Afg‘onistonlik investor Ismoil Safo

Bir shaxsning ikkinchi bir shaxs bilan til biriktirib jinoiy ish sodir qilganini aniqlash uchun dalillar kerak. Bu dalillarning haqiqatdan ham asosli ekanligini isbotlash uchun bizning jinoiy ishimiz doirasida Xushvaqtovning qidiruvda ekanligi, Xushvaqtov topilmasdan turib, Ataxanovning masalasiga qonuniy baho berib bo‘lmasligi sababli bu tergov harakatlari o‘tkazilmagan. Qachonki Xushvaqtov ushlanib, tergovga jalb qilinganidan keyin bu masalada qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov hali tamomlanmagan. Bir shaxs hali qidiruvda. Qonunda tergov siri degan narsa bor va men tergov sirini sizga oshkor etolmayman.

Tezkor xodimlar tezkor-qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Jinoyat qilgan odam hech qachon jazosiz qolmaydi, jazoning muqarrarligi ta'minlanadi. Tergovni jadallashtirish bo‘yicha rahbariyat tomonidan berilgan topshiriqlarning hammasi qonun doirasi olib borilmoqda”, deb aytgan Baxtiyor Vohidov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top