09:41 / 02.01.2021
14849
AQSh Kongressi Trampning taqiqiga qaramay, harbiy budjetni qabul qildi

AQSh Kongressi prezident Donald Trampning 2021 yilgi moliyaviy yil uchun mamlakat mudofaa budjetini qabul qilishga qarshi vetosini bekor qildi va yangi yil uchun harbiy budjetni tasdiqladi.

Foto: Getty Images

Mamlakat siyosati uchun muhim bo‘lgan bu qarorni qabul qilish uchun Senat 1 yanvar kuni yig‘ildi. Oldinroq Vakillar palatasi vetoni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Trampning vetosini bekor qilishni qo‘llab 81 nafar senator ovoz bergan bo‘lsa, 13 senator bunga qarshi chiqdi. Qaror qabul qilish uchun esa ovoz berganlarning uchdan biri ma'lum tanlovni amalga oshirishi yetarli edi.

Trampning tarafdorlari bo‘lgan respublikachilar partiyasi yetakchisi Mitch Makkonnell ham harbiy budjet qabul qilinishi uchun qo‘lidan kelganini qilishini aytdi: «O‘z xohishiga ko‘ra harbiy libos kiygan mard ayol va erkaklarimiz erkin ishlashi uchun yillik harbiy budjet vaqtida qabul qilinishi muhim. Biz 59 yildan buyon uzluksiz harbiy budjet to‘g‘risidagi qonunni qabul qilyapmiz va 60-marta ham shunday bo‘ladi. Qonun Kongress yakshanba kuni o‘z faoliyatini yakunlaguniga qadar qabul qilinadi», degan u.

Trampga nima yoqmagan edi?

2021 yil uchun AQSh harbiy budjeti 740 milliard dollar bo‘lishi kutilmoqda. Tramp esa uni qabul qilishdan avval bir nechta o‘zgartirish kerakligini, milliy xavfsizlik borasidagi bu o‘zgarishlar qilinmasa, harbiy budjet loyihasi Xitoy va Rossiya uchun sovg‘a bo‘lishini aytgandi. Qonun loyihasidagi AQSh harbiylarini Afg‘onistondan cheklangan miqdorda olib chiqish qarori o‘zgartirilgani va AQShning ba'zi harbiy bazalari fuqarolar urushida qatnashgan harbiylar sharafiga qayta nomlanishi Trampga yoqmagan.

«Bu qonun loyihasiga milliy xavfsizlik bo‘yicha juda muhim chora-tadbirlar kiritilmagan. Unda sobiq harbiylarimizga, veteran va harbiy tariximizga hurmatsizlik bor. Shuningdek, bu qonun biz xalqaro siyosatda ko‘zlagan maqsadlarimizga erishish uchun yetarli darajada yaxshi tuzilmagan», degan Tramp.

AQSh prezidenti 2021 yilgi harbiy budjet to‘g‘risidagi qonunga ijtimoiy tarmoqdagi postlar uchun javobgarlik bandini kiritmoqchi ham bo‘lgan.

«Senatimiz yirik texnologik kompaniyalarga cheklanmagan imkoniyat yaratuvchi 230-paragrafdan qutulish imkonini qo‘ldan chiqardi (bu paragraf onlayn platformalar, xususan, ijtimoiy tarmoqlarni ularning foydalanuvchilari yozgan postlar uchun javobgarlikdan ozod qiladi). Ular Xitoy virusidan jabrlangan odamlarga 2 ming dollar o‘rniga 600 dollar bermoqchi. Bu kamsitish! Dahshat!» — deb yozdi Tramp Tvitterdagi sahifasida uning vetosi bekor qilingach.

Nega Kongress bunday qildi?

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Kongress qandaydir qonun loyihasini qabul qilsa, uni prezident o‘z imzosi bilan tasdiqlashi kerak. Agar prezident Kongress qabul qilmoqchi bo‘lgan qonunga qarshi bo‘lsa, uning qabul qilinishiga qarshi veto (cheklov) qo‘yishi mumkin. Biroq qonun qabul qilinishi zarur deb hisoblansa, senatorlar o‘rtasida ovoz berish jarayoni o‘tkazilib, ularning uchdan bir qismi vetoni bekor qilishni qo‘llasa, prezident kiritgan cheklov bekor bo‘ladi.

60 yildan buyon hali biror marta AQSh harbiy budjeti tasdiqlanmay qolmagan va Trampning vetosi bekor bo‘lmasa, bu tarixiy voqea bo‘lardi. Trampning doimiy tanqidchisi hisoblanuvchi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining fikricha, Trampning vetosi bekor bo‘lishi hukumat va prezident qarashlaridagi katta farqni ko‘rsatib, bu fakt uzoq yil mamlakat xavfsizligiga daxl qilib kelganini isbotlaydi: «Mamlakatimiz yirik kiberhujum nishoni bo‘layotgan bir vaqtda prezidentning bu qadar mas'uliyatsizligini tushunib bo‘lmaydi», degan Pelosi.

Ma'lum bo‘lishicha, Trampning maslahatchilari uni veto qo‘yish qaroridan qaytarishga uringan. Qizig‘i, Tramp bungacha sakkizta qonun loyihasini qaytarishga uringan, lekin har safar uning qarori qonunchilar tomonidan bekor qilingan.

Yangi qonun Rossiyaning «Shimoliy yo‘nalish-2» gaz o‘tkazish yo‘nalishiga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish masalasini ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ma'lum bo‘lishicha, endilikda «Shimoliy yo‘nalish-2»ga har qanday yordam ko‘rsatgan, texnik xizmat qilgan, detallar yetkazib bergan, uning ijarasidan pul ishlaydiganlar, bunga aloqador har qanday firma AQSh sanksiyalariga uchraydi. Shuningdek, harbiy budjet to‘g‘risidagi qonunda Turkiyaga qarshi yangi sanksiyalar, Ukrainaga askar kiritish, Rossiya bilan umuman harbiy hamkorlik qilmaslik masalalari ham ko‘tarilgan.

Top