14:34 / 02.01.2021
7484
Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlariga olib boruvchi yo‘lda mashinalar harakati cheklanmoqda. IIV rasmiy ma'lumot berdi

IIV YHXBB axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi yo‘l yopib qo‘yilgani to‘g‘risida tarqalgan videolavha yuzasidan ma'lumot taqdim etdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Qayd etilishicha, respublikaning barcha hududlaridan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlariga fuqarolar uzluksiz ravishda tashrif buyurmoqda. 

“Bugun, 2 yanvar kuni, soat 10:00ga qadar Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlari avtoturargohlari avtomobillar bilan to‘lganligi, ushbu avtomobil yo‘lining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini inobatga olib, shuningdek, tog‘li hududlarda avtomobillar harakatlanishi murakkabligini hisobga olib tik nishabliklarda transport vositalari to‘xtab qolib, xavfli holat sodir etmasligining oldini olish maqsadida 4R-12 avtomobil yo‘li 61-kilometrida, ya'ni tog‘li hududning boshlanish qismida vaqti-vaqti bilan transport vositalarining harakati cheklanmoqda”, - deyiladi YHXBB ma'lumotida.

Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar fuqarolarning tog‘li yo‘llarda xavfsizligini ta'minlash va yo‘l-transport hodisalari oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgani aytilgan.

Top