08:15 / 02.01.2021
7178

Toshkentda yangi gaz taqsimlash tarmog‘i qurilishi boshlandi

"Hududgazta'minot" AJ tomonidan uzunligi qariyb 8 kilometr va diametri 1020 mm bo‘lgan gaz quvurining qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi. 

“Hududgazta'minot” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, poytaxt gaz taqsimlash tizimida bu kabi qurilish so‘nggi 40 yilda ilk bor amalga oshirilayotgan bo‘lib, uning foydalanishga topshirilishi gaz ta'minotini tubdan yaxshilaydi.

Bugungi kunda poytaxtda 671 mingdan ziyod jismoniy va 13 mingga yaqin ulgurji iste'molchilar mavjud bo‘lib, ularga joriy yilda 4 milliard metr kubdan ziyod tabiiy gaz yetkazib berildi, bu o‘tgan 2019 yilga nisbatan 10 foizga ko‘p.

Iste'mol hajmining ortishi, birinchi navbatda, poytaxt infratuzilmasi jadallik bilan rivojlanib, yangi turar joy massivlar qurilishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilayotgani bilan bog‘liq. Bu mavjud gaz taqsimlash tizimi infratuzilmasining kengaytirilishini talab etadi. 

Hozirda Sergeli tumanida “Hududgazta'minot”ning qurilish bo‘yicha maxsus shtabi tashkil etildi. Qurilish maydonchasiga 2506 metr quvurlar yetkazib berilib, shundan 655 metrini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Qurilish ishlariga 30dan ortiq mutaxassis va 10dan ortiq maxsus texnika jalb qilingan.

Qurilish loyihasi 2021 yil yanvar oyining oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Uning foydalanishga topshirilishi poytaxt yagona gaz tarmog‘i halqasini yaratish va iste'molchilarga barqaror tabiiy gaz yetkazib berishni ta'minlaydi, xususan, Chilonzor, Uchtepa, Yakkasaroy, Mirobod va Shayxontohur tumanlarining tabiiy gaz ta'minotini tubdan yaxshilash imkonini beradi.    

Top