03:16 / 03.01.2021
47719

Armaniston Qorabog‘da vafot etganlar soni bo‘yicha ma'lumot berdi

Foto: RIA "Novosti"

Armaniston sog‘liqni saqlash vazirligi sentyabrda boshlangan Qorabog‘dagi urushlar oqibatida qancha armanistonlik vafot etganini ma'lum qildi.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Alina Nikogosyanning aytishicha, 27 sentyabrdan 9 noyabrgacha davom etgan Qorabog‘dagi urushlarda 3 330 nafar Armaniston fuqarosi halok bo‘lgan. Barcha vafot etganlarning shaxsi aniq emas va tibbiy ekspertiza jasadlar, tanalardan qolgan bo‘laklar kimga tegishli ekanini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.

Noyabrda Armaniston tomoni urushda 2 317 nafar harbiysi qurbon bo‘lganini ma'lum qilgandi. Keyinchalik Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qorabog‘dagi urushlar vaqtida Ozarboyjon va Armaniston tomonidan umumiy 4 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgani haqida gapirdi.

27 sentyabr kuni Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida Qorabog‘ uchun urushlar boshlangandi. Uzoq davom etgan urush to‘laligicha Ozarboyjon ustunligida o‘tdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 9 noyabr kuni oq bayroq ko‘tarib, mag‘lubiyatni tan oldi. Shundan so‘ng, Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuv imzolandi.

Jang yakunlariga ko‘ra, Ozarboyjon tarixan o‘ziga tegishli bo‘lgan Agdam, Kelbajar va Lochin kabi yirik tumanlarni qaytarib oldi. Hududga o‘t ochish rejimini nazorat qilish uchun Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari kiritildi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan agar urush yana bir necha kun davom etsa, ozarlar Qorabog‘ poytaxti Xonkandini ham egallagan bo‘lishini aytdi. Pashinyan bir necha marta Rossiya prezidenti Vladimir Putindan harbiy yordam so‘ragan, lekin Rossiya yetakchisi urush Armaniston hududida emas, tan olinmagan Qorabog‘ hududida davom etgani sabab harbiy yordam huquqiy jihatdan imkonsizligini ma'lum qilgandi.

Ozarboyjon Qorabog‘dagi urushlar tugagan kun – 10 noyabrni mamlakatda bayram deb e'lon qildi. 10 dekabr kuni Bokuda Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga harbiy parad ham o‘tkazildi va unda Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an qatnashdi.

Top