15:51 / 03.01.2021
6048
Ko‘zi ojiz bolalarning muallimlari murojaat bilan chiqdi. Ular 12 yillik ta'lim saqlab qolinishini so‘ramoqda

O‘zbekistonda ixtisoslashgan maktablarda, shu jumladan ko‘zi ojiz bolalar internatlarida ham ta'lim muddati 12 yildan 11 yilga o‘tkazilmoqda. Ammo bu ko‘zi ojiz o‘quvchilar ta'limiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Oqmurod Otamurodov va Bahodir Qurbonov

Prezidentning 2020 yil 13 oktyabrdagi qaroriga asosan, 2021/22 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida majburiy umumiy o‘rta ta'lim 12 yildan 11 yilga qisqartiriladi.

Ko‘zi ojiz o‘quvchilarga dars beruvchi muallimlar shu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqdi.

77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab internati o‘qituvchisi Oqmurod Otamurodovning so‘zlariga ko‘ra, ta'lim muddati bir yilga qisqartirilishi – ko‘zi ojiz o‘quvchilarning davlat ta'lim standartini to‘liq o‘zlashtirishiga imkon bermaydi.

Uning aytishicha, ushbu qaror orqali imkoniyati cheklangan bolalarning barchasi bir turga olingan, ya'ni klassifikatsiya qilinmagan. Vaholanki, nogironlar turlicha bo‘ladi: tayanch harakat a'zolaridagi nuqsonlar, eshitish, ko‘rish va hokazo.

«Ayrim turdagi nogironlarning o‘qish uchun qobiliyati yetmasligi mumkin. Lekin ko‘zi ojiz bolalar aqlan sog‘lom bo‘ladi, faqat ko‘rmaydi xolos», deydi muallim.

«Ko‘rishi bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar maxsus moslamalar yordamida yozishadi. Bitta priborda 18 ta qator va bir qatorda 24 ta katak bor. Har bir katakda 6 ta nuqta bor. Shu 6 ta nuqtadan 63 ta kombinatsiya qilinadi. Priborda hammasi bir qatorga yoziladi. Unda yuqori va quyi indeks degan narsa yo‘q. Sodda qilib aytganda, matematikada daraja va indeks yoki ona tilida tagiga chiziqcha chizish degan narsalar bor, ammo ko‘zi ojiz bolalar buni bajara olmaydi.

Umumta'lim maktablarida matematika darsligi bitta kitob bo‘lsa, ko‘zi ojizlar uchun bitta darslik 10 ta kitobdan iborat bo‘ladi. Ularda bir sahifaga sig‘gan narsa, bizda 3–5 betga to‘g‘ri keladi.

Ko‘zi ojiz bolaning yozishi sog‘lomlarga nisbatan 3–4 baravar, o‘qishi esa 2–3 baravar sekin bo‘ladi.

O‘quvchilarimiz 12 yil o‘qib ko‘pgina yutuqlarga erishishgan. 12-sinf ochilganidan keyin o‘quvchilarimiz hattoki respublika olimpiadalarida ham g‘olib bo‘lishgan.

Hurmatli prezident Shavkat Miromonovich. O‘quvchilarimizning kelajakda kasb tanlashi va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun 12 yillik ta'lim qoldirilishini sizdan iltimos qilib so‘raymiz», – deydi matematika o‘qituvchisi Oqmurod Otamurodov.

77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab internatining boshqa bir o‘qituvchisi Bahodir Qurbonov senatorlar va deputatlarga murojaat qilgan.

«Hurmatli senator va deputatlarimiz. Bizning murojaatimizni to‘g‘ri qabul qilishingizni, iloji boricha ijobiy hal bo‘lishida amaliy yordam berishingizni iltimos qilamiz.

Biz 12-sinfni ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarga qaytarib berilishini so‘rashimizdan maqsadimiz – bolalarning kasalligi, ularning cheklangan imkoniyati bilan bog‘liq. Ularning orasida ko‘zi og‘riydiganlari ham bor. Sog‘lom bola darsda 5–6 soat o‘tirsa, ko‘zi ojiz o‘quvchilarimiz kasalligi tufayli 3–4 soatda charchab qolishadi. Bu degani, kerak bo‘lgan informatsiyalarni olishi ko‘zi bilan bog‘liq muammo bo‘lgani uchun ozgina qiyin kechadi.

O‘qituvchilarning shaxsiy manfaatini o‘ylab emas, avvalambor o‘quvchilar kelajagini o‘ylagan holda iltimos qilmoqdamiz.

Biz kimgadir yoki kimningdir ustidan shikoyat qilmayapmiz. Kimnidir ishlamayapsan, bu ishni qilmayapsan deyish fikridan ham yiroqmiz. Iltimos qilardimki, murojaatimizni to‘g‘ri qabul qilinglar.

Hurmatli blogerlar, siz ham imkon qadar murojaatimiz tarqalishida o‘z yordamingizni ayamang», deydi Bahodir Qurbonov.

Top