15:48 / 04.01.2021
29721

1 yanvardan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tildi. U o‘zi nima va O‘zbekistonga nega kerak?

Xuddi ingliz tili umumjahon tili bo‘lganidek, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) – bu umumjahon biznes tilidir. Mazkur standartlar kompaniyalar o‘zlarining moliyaviy holatlari to‘g‘risida hisobotni qanday tarzda tayyorlashini belgilaydi. Ushbu standartlarga asoslangan hisobotni butun dunyoda tushunishadi.

Foto: Depositphotos

Joriy yil 1 yanvardan boshlab, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021 yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi.

MHXS nega kerak?

Korxonalarning buxgalteriya hisobotini tayyorlashda xalqaro standartlar bo‘lmasa, bu bir necha nomuvofiqliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, biron bir «Mansur Corporation» xitoylik «Shin Jin Company»dan uskuna buyurtma qildi. «Shin Jin Company» ushbu uskunani logistika kompaniyasi orqali yuklab yo‘lga chiqardi va o‘zining moliyaviy hisobotida uskunani sotganligi haqida ma'lumotni ko‘rsatdi hamda uskunani tashkilot balansidan chiqardi. Ammo uskuna yo‘lda bo‘lganligi va xaridor uni hali olmaganligi sababli «Mansur Corporation» moliyaviy hisobotida ushbu uskunani sotib olganligi haqida ma'lumotni ko‘rsatmaydi va balansiga kirim qilmaydi. Natijada, global iqtisodiyotda ushbu uskuna yo‘qolib qolishi mumkin. 

Shunga o‘xshash oddiy misollarni ko‘p keltirish mumkin va shu kabi nomuvofiqliklar bo‘lmasligi uchun moliyaviy hisobotning yagona xalqaro standartlariga talab paydo bo‘lgan.

Ilgari barcha davlatlarda tashkilotlar o‘z faoliyat makonida joriy etilgan buxgalteriya standarti asosida hisobot tayyorlashgan, bu esa globallashib borayotgan dunyoda biznes uchun katta to‘siq hisoblanadi. Negaki, bir davlatdagi kompaniyaning hisoboti, boshqa davlat kompaniyasi uchun tushunarsiz tarzda tayyorlangani uchun kompaniyalar moliyaviy holatini to‘g‘ri baholash imkoniyati pasayadi.

Aynan shu muammo hozir O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda ham dolzarb sanaladi.

O‘zbekistonga MHXS nima beradi?

O‘zbekistonda juda ko‘p davlat mulklari samarali ishlatilmayotgani, raqobatni oshirish, shuningdek, bozor iqtisodiyotiga o‘tish va boshqa sabablarga ko‘ra, 2021 yilda katta xususiylashtirish ishlari boshlanishi kutilmoqda. Xususiylashtirish jarayonidagi eng katta to‘siq yoki, to‘g‘rirog‘i, jarayonni sekinlashtirayotgan sabablardan biri – ushbu tashkilotlarning buxgalteriya hisobi MHXS asosida tayyorlanmaganligidir.

Istiqboldagi xorijiy investor O‘zbekiston tashkilotlari tayyorlagan hisobotlarni tushunmaydi va shu sabab raqamlar to‘g‘ri aks ettirilganiga ishonmaydi. Hisobotlarni MHXSga o‘girib, auditdan o‘tkazish esa ko‘p mashaqqat, vaqt va xarajat talab qilishi mumkin. Masalan, O‘zbekistonda Coca-Cola zavodidagi davlat ulushini sotish uchun tanlov asosida – Rothschild & Co investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi), Dentons yuridik firmasi (yuridik maslahatchi), shuningdek, KPMG (moliyaviy va soliq hisobotlarini tuzish, shuningdek, kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushini baholash) kabi yetakchi xalqaro maslahatchilar jalb qilindi.

Bugungi ahvol

O‘zbekiston oldin ham MHXSga o‘tishga harakat qilgan. Aksiyadorlik jamiyatlari va banklar amalda MHXSga asoslangan moliyaviy hisobotni taqdim etishi kerak edi. Afsuski, ushbu hisobotlar ko‘pincha xalqaro auditorlik tashkilotlari yordamida tayyorlangan, chunki tashkilotlar o‘zi tayyorlagan hisobotlar sifati qoniqarli bo‘lmagan.

Xo‘sh, bu safar nima o‘zgardi?

O‘zbekistonda MHXSga o‘tishda bu safar ikkita katta o‘zgarish bo‘ldi, bular:

  • Birinchidan, MHXSga o‘tish keng qamrovli bo‘ladi. Barcha aksiyadorlik jamiyatlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar (shu jumladan, xususiy tashkilotlar) 1 yanvardan boshlab MHXSga o‘tishi kerak. Bu davlatdagi eng yirik 500dan ortiq tashkilotlarni qoplab oladi.
  • Ikkinchidan, MHXSga o‘tgan tashkilotlar uchun milliy standartlar asosidagi buxgalteriya hisobi bekor qilinadi. Demak, tashkilotlar uchun MHXSga to‘liq o‘tishdan boshqa yo‘l qolmaydi.

MHXSga o‘tishda nima muammolar mavjud?

Muammolar kam emas: MHXSni o‘zbek tilida o‘rganish uchun sifatli o‘quv-qo‘llanma kitoblar yo‘q, kuchli mutaxassislar juda kam va xalqaro auditorlik yoki konsalting tashkilotlarining xizmatidan foydalanish juda qimmat. Yuqorida ta'kidlangan birinchi ikkita masalani hal qilishda Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorlikda ish boshlagan.

Mahalliy tashkilotlarda mutaxassislar ko‘payib, hisobotlar sifati oshsa, uchinchi masala ham yechiladi. Sababi, tashkilotlarimiz xalqaro auditorlik yoki konsalting tashkilotlardan mustaqil ravishda hisobot tayyorlay olishadi. Ideal tashkilotlar mustaqil ravishda MHXSga asoslangan hisobotlarni tayyorlashi kerak va ushbu hisobotlar har yil yoki chorak oxirida kechiktirmay, mustaqil auditorlar tomonidan tekshirilishi lozim.

Javlon Umarov

Javlon Umarov

Moliyachi, ACCA sertifikatlangan diplomli buxgalterlar uyushmasi a'zosi (Buyuk Britaniya), Kardiff metropoliten universiteti magistri (Buyuk Britaniya), MHXS Fondi ekspertlar qo‘mitasi a'zosi.

Javlon Umarov 2018 yilgacha PricewaterhouseCoopers’ning Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahridagi vakolatxonasida moliyaviy maslahatchi sifatida ishlagan. Ayni paytda Finspect Advisory konsalting tashkiloti hamkori hisoblanadi.

Top