12:07 / 04.01.2021
28903

«480 gramm vaznda tug‘ilgan chaqaloq 2 yoshga to‘ldi» – Toshkent shahri bosh neonatologi bilan suhbat

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi bosh neonatologi Malika Usmonova Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bilan suhbatda O‘zbekistonda neonatal tibbiyot rivojlanishi bilan bog‘liq ma'lumotlarni aytib berdi.

Mutaxassis bola neonatolog parvarishidan so‘ng onasi qo‘liga berilgach, nimalarga e'tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida gapirgan.

«Hamma yangi tug‘ilgan chaqaloqlar kabi bu go‘daklar ham to‘g‘ri rivojlanishi uchun nafas olishi va tana haroratining nazorati zarur. Eng muhimi, uning ovqatlanishi, ishtahasi yaxshi bo‘lishini doimiy kuzatib borish kerak. Tana harorati 36,5 dan 37,5 gacha me'yor hisoblanadi. Bolani isitib yuborish ham to‘g‘ri kelmaydi. 

Bunday bolalarni ota-onalari ko‘proq bag‘rida olib yurishlari maqsadga muvofiq. Tana harorati bir me'yorda bo‘lishi bolaning nafas olishi, ko‘krak olishi va ichi kelishiga yaxshi yordam beradi. Vaqti-vaqti bilan shifokor ko‘rigidan o‘tib, audiometriya — eshitish qobiliyatini tekshirish, shu bilan birga, oftalmolog va nevropatolog nazoratida bo‘lishlari ham lozim. 

Kichik vaznda tug‘ilib, keyin rivojlanib ketgan chaqaloqlarimiz ko‘p bo‘lgan. Masalan, bundan ikki yil avval Risolat ismli qizchamiz 480 gramm vazn bilan homiladorlikning 25-haftasida tug‘ildi. Uning parvarishi, muddatiga yetib olishi, sog‘lom bo‘lib uyiga chiqib ketishi uchun uch yarim oy vaqt ketdi. Hozir uning sog‘lig‘i juda yaxshi. 

Qizaloq 2 yoshga to‘ldi. Har gal uni ko‘rganimda quvonib ketaman. Shu jajji murg‘akkinaning yashab qolishi uchun qilgan mehnatimiz besamar ketmaganidan xursand bo‘laman», degan u. 

Mutaxassis ushbu sohadagi mutaxassislarning xalqaro talablarga mos ravishda tajriba orttirishlari uchun yaratilgan sharoitlarga to‘xtalgan.

«Mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalarida neonatologiya kafedralari, bir qator milliy trenerlar va bosh neonatologlar bu sohaning rivojlanishiga o‘zlarini mas'ul deb hisoblaydilar. 

Joylarda ham amaliyot yuqori darajada bo‘lishi uchun qo‘llanmalar, standartlar tayyorlashadi, kuratorlik chiqishlari qilib, amaliy yordam ko‘rsatishadi. Mutaxassislar viloyatlardan muntazam ravishda respublikamiz perinatal markazlarida, Rossiya va boshqa davlatlarda o‘z malakalarini oshirib kelmoqda. 

2018 yil noyabr oyida mamlakatimizda shu yo‘nalishda yirik konferensiya o‘tkazdik. Oxirgi yillar hisoboti, neonatal yutuqlarimiz va rejalarimiz haqida fikr yuritdik. Ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari O‘zbekistonda neonatal xizmat jahon talablariga mos ravishda rivojlanib borayotganini e'tirof etishdi. Bu bizga berilgan yuqori baho edi. 

Viloyatlardagi hamda markazlardagi muassasalarda jihozlar bir xil taqsimlangan. Hududlardagi bosh neonatologlar va barcha neonatologlar bir-birlari bilan uzviy bog‘lanishgan. 

Markazdagi yetakchi klinika va kafedra xodimlaridan o‘z vaqtida onlayn shaklda maslahat olish imkoni bor. Har bir yangi ma'lumot darhol barcha mutaxassislarga yetkaziladi. Kuzatuvlarimiz va hisobotlar viloyatlarda ham neonatal yutuqlarimiz yomon emasligini ko‘rsatib turibdi», deydi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi bosh neonatologi.

Bundan avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova O‘zbekistonda vazni yarim kilo bo‘lgan chaqaloqlarning yashab qolish foizi so‘nggi uch yilda ikki barobarga ortgani haqida ma'lumot bergandi.

Top