12:14 / 04.01.2021
28827
O‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, maktablarning pedagog xodimlari xalqaro tadqiqotlarga o‘quvchilarni tayyorlab borish ishlariga munosib hissa qo‘shgan taqdirda bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz ustama qo‘shiladi.

Ilgari ushbu ustama pedagog xodimlar faoliyati davomida yuqori natijalar ko‘rsatgan taqdirda to‘langan.

100 foizlik ustama olishga da'vogar pedagog xodimlarning mashg‘ulot olib boradigan fanlari bo‘yicha o‘quvchilarining bilimlari xalqaro baholash dasturlari integratsiya qilingan nazorat materiallari asosida baholanadi.

Bunda nazorat materiallari Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi bilan hamkorlikda Respublika ta'lim markazi tomonidan tayyorlanadi.
 
Ilgari nazorat materiallari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan tayyorlangan.

Shuningdek, endilikda o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganda maktablarning rahbar xodimlariga va soatbay ishlovchi o‘qituvchilarga ham oylik ustamalar belgilanadi.

Top