20:25 / 04.01.2021
7743
«O‘zbekneftgaz»: Elektr energiyasidagi avariyaviy o‘chishdan so‘ng, gaz yetkazib berish qayta tiklandi

Qashqadaryodagi 5 ta siquv kompressor stansiyasidagi 14 ta gaz haydash agregati avariyaviy holatda to‘xtagan. Ayni paytgacha ularning aksari qayta ishga tushirilgan.

Foto: "O‘zbekneftgaz" AJ matbuot xizmati

Qashqadaryodagi siquv kompressor stansiyalarida yuzaga kelgan avariyaviy holat navbatma-navbat bartaraf etilmoqda, deb ma'lum qildi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 4 yanvar kuni soat 07:00 da «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Zevarda», «Janubiy Kemachi», «Janubiy O‘rtabuloq», «Dengizko‘l», «Somontepa» siquv kompressor stansiyalaridagi 14 ta gaz haydash agregatlari avariyaviy holatda to‘xtagan.

«Buning natijasida «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi kamaydi.

Gaz haydash agregatlaridagi avariyaviy holatga neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiya bilan ta'minlab turgan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga tegishli bo‘lgan «Neftchi 110/35/6 kV» podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan.

Bugun soat 12:45 da «Neftchi 110/35/6 kV» podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik bartaraf etildi va kuchlanish bitta tarmoq orqali berila boshlandi», – deyiladi «O‘zbekneftgaz» axborotida.

Ma'lum qilinishicha, siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlari navbatma-navbat qayta ishga tushirilmoqda:

  • Soat 13:30 dan 14:12 ga qadar "Janubiy O‘rtabuloq" siquv kompressor stansiyasidagi 100-, 200-va 300-sonli gaz haydash agregatlari;
  • Soat 14:08 dan 16:45 ga qadar "Somontepa" siquv kompressor stansiyasidagi 100- va 200-sonli gaz haydash agregatlari;
  • Soat 14:50 dan 19:00 ga qadar "Janubiy Kemachi" siquv kompressor stansiyasidagi 200-, 300- va 400-sonli gaz haydash agregatlari;
  • Soat 14:50 dan 16:00 ga qadar "Dengizko‘l" siquv kompressor stansiyasidagi 100-, 300- va 400-sonli gaz haydash agregatlari;
  • Soat 15:40 dan 18:40 ga qadar "Zevarda" siquv kompressor stansiyasidagi 100- va 200-sonli gaz haydash agregatlari ishga tushirilgan.

«Hozirda "Zevarda" siquv kompressor stansiyasidagi 300- va 400-sonli gaz haydash agregatlarini ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida, «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi qayta tiklandi.

Hozirda «O‘zbekneftgaz» AJ va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning malakali mutaxassislari hamkorlikda yuzaga kelgan holatni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishmoqda», – deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, Energetika vazirligi Qashqadaryodagi bir nechta gaz konlarini elektr bilan ta'minlovchi tarmoqlardagi o‘chish sabab IESlarda gaz bosimi pasaygani, natijada respublika hududlari bo‘ylab 600–800 MVtgacha cheklovlar kuzatilayotganini ma'lum qilgandi.

Vazirlik muammo bugun soat 23:00ga qadar to‘liq bartaraf etilishini bildirgan.

Top