13:52 / 04.01.2021
35917

Samarqand shahridagi 1 so‘mlik davlat mulki auksionda 2,9 milliard so‘mga sotildi

Boshlang‘ich bahosi 1 so‘m bo‘lgan davlat aktivi 4 milliard so‘mlik investitsiya majburiyati bilan qariyb 3 milliard so‘mga sotildi. 

Foto: Getty Images

Samarqand viloyati, Samarqand shahridagi boshlang‘ich narxi 1 so‘mlik bo‘sh turgan bino onlayn auksion savdolarida 2,9 mlrd. so‘mga sotildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu mulk uchun savdolarda 15 nafar talabgor ishtirok etganini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, auksionda ishtirok etish uchun shu yilning 2 yanvar kuni tushlikka qadar arizalar qabul qilingan, 4 yanvar kuni soat 9.00da auksion o‘tkazilgan. Unda bo‘nak miqdori 40 million so‘m etib belgilangandi.

Auksion g‘olibiga 24 oy muddatda 4 milliard so‘m investitsiya kiritish hamda 28 ta yangi ish o‘rni yaratish va mehmonxona faoliyatini tashkil etish majburiyati yuklatiladi.

Ma'lumot uchun, ushbu davlat aktivi 0,27 gektar yer maydoniga ega. Samarqand viloyati hokimining 2020 yil 2 dekabrdagi 190-Q-sonli qarori asosida xususiylashtirish amalga oshirildi.

Davlat obekti bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarini tuzish auksion savdolari o‘tkazilgan kundan keyin o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshirilishi lozim. Davlat obektining oldi-sotdi shartnomasi auksion savdolari o‘tkazilgan kundan keyin, 10 kun muddat ichida, sotuvchi, balansda saqlovchi va auksion savdolarining g‘olibi o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmasa, avtomatik tarzda g‘olibdan keyingi ishtirokchiga tasdiqlagan narxi bo‘yicha mazkur davlat obekti bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini tuzish taklifi beriladi, bunday g‘olib mavjud bo‘lmaganda takroriy auksion savdolariga chiqariladi.

Mavzuga oid
Top