15:51 / 04.01.2021
26258
Samarqand viloyatiga tegishli avtoraqam onlayn auksionda qariyb 600 million so‘mga sotildi

Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lgan 30 Z 777 ZZ avtoraqami bugun o‘tkazilgan onlayn savdolarda 596.525.000 so‘mga sotildi. Bu avtoraqamlar savdoga chiqarila boshlagandan beri yangi rekord narx hisoblanadi.

Chiroyli avtoraqamlarning onlayn-auksioni o‘tkaziladigan avtoraqam.uzex.uz saytida bugun o‘tkazilgan savdolardan birida Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lgan 30 Z 777 ZZ avtoraqami rekord narxda sotildi. Xaridorlardan biri mazkur avtoraqamni 596.525.000 so‘mga sotib oldi. Qayd etilishicha, mazkur avtoraqamning boshlang‘ich narxi 111 million 500 ming so‘m bo‘lgan. Savdo jarayonida xaridorlar tomonidan uning narxi 100 martadan oshiqroq ko‘tarilgan.Xaridor avtoraqam narxiga qo‘shimcha 25 million so‘m vositachilik yig‘imi ham to‘laydi.

Mazkur avtoraqam savdosi davom etayotgan pallada ijtimoiy tarmoqlarda 30 Z 777 ZZ avtoraqamini taqib yurgan avtomashinalarning foto va videolavhasi tarqaldi. Shundan so‘ng Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarqalgan foto va videolavhaga munosabat bildirdi. Unda 30 Z 777 ZZ davlat raqam belgisi viloyat IIB YHXB ixtiyorida saqlanayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videotasvirdagi avtomashinalar taqib turgan raqam fotoshop dasturi orqali qo‘yilgani ma'lum qilindi.

Ma'lumot o‘rnida, chiroyli avtoraqamlarning onlayn-auksioni O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi ko‘magida avtoraqam.uzex.uz saytida o‘tkaziladi.

Ilk savdo 2017 yil 14 sentyabr kuni o‘tkazilgan va o‘shanda soat 15:24 da Jizzax viloyatida yashovchi shaxs 7.563.637,5 so‘m (o‘sha paytdagi kursda 934 dollar bo‘lgan) ga 25 E 070 EA raqamini xarid qiladi.

Keyinchalik xaridorlar avtoraqamlarni ancha baland narxlarda sotib ola boshlashdi. Bugungi savdogacha auksionda sotilgan eng qimmat raqam — 30 777 AAA hisoblanar edi. Uni 2017 yilning 1 noyabr kuni Samarqandda istiqomat qiluvchi ishbilarmon 287 million so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 35.500 dollar bo‘lgan) ga sotib olgan. O‘shanda mazkur avtoraqamning boshlang‘ich bahosi 14.977.500 so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha1873 dollar bo‘lgan) edi va auksion savdo jarayonlarida narx 20 barobarga o‘sgan. 

Top