16:20 / 04.01.2021
9515
Samarqandda maktab qozonxonasi portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi

Samarqand shahridagi maktablardan birida qozonxona portlashi oqibatida bir kishi vafot etgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha voqea 3 yanvar kuni yarim kechada sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, 2021 yilning 3 yanvar kuni, taxminan, soat 00:20 da Samarqand shahridagi 4-umumiy o‘rta ta'lim maktabi qozonxonasining isitish tizimida portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda, shu maktabda qozonxona nazoratchisi vazifasida ishlovchi 50 yoshli H. tan jarohatlari olgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat bo‘limiga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay bemor shifoxonada vafot etgan.

Ma'lum bo‘lishicha, hodisa yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, 2 yanvar kuni soat 23 larda 4-maktab joylashgan mahallada chiroq o‘chadi. Shundan so‘ng, birdaniga gaz bosimi ko‘tariladi va nazoratchi qozonxonaga kirgan paytda u portlab ketadi.

Top