12:02 / 04.01.2021
7401

Serbiya prezidenti ortidan bir necha oy yashirincha tinglov olib borilgan  

Foto: RIA Novosti

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ortidan ko‘p oylar davomida yashirincha tinglov olib borilgan. Mamlakat maxsus xizmatlari ushbu holat yuzasidan tergov boshlagan.

Serbiya ichki ishlar vaziri Aleksandr Vulin ushbu ish tafsilotlarini oshkor qila olmasligini, biroq prezident ortidan tinglov yovuz maqsadda olib borilganini ma'lum qilgan. 

Uning ta'kidlashicha, prezident mutasaddi xizmatlardan o‘z ortidan tinglov olib borilayotgani haqida axborot olgan.   

“Prezident Vuchich mafiyaga qarshi kurash e'lon qilgandi va u olib borilmoqda”, deb ma'lum qilgan Vulin.

Vazirning ta'kidlashicha, Serbiyada chernogoriyalik mafiozlar qo‘lga olingandan keyin prezident xavf ostida qolmoqda.

Serbiya prezidentining aytishicha, uning ortidan 18 oy tinglov olib borilgan va unga buni kim qilgani ayon. Vuchich unda buning isboti, ya'ni o‘z suhbatlarining audioyozuvlari borligini qo‘shimcha qilgan. 

Mahalliy nashrlardan birining ma'lum qilishicha, mamlakat rahbari ortidan tinglangani haqidagi ish sir saqlanmoqda, ishni ichki ishlar vazirligining ichki nazorat sektori olib bormoqda. 

Ta'kidlanishicha, ushbu holat konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish haqidagi modda bo‘yicha og‘ir jinoyat sifatida tergov qilinmoqda.

Mavzuga oid
Top