10:48 / 05.01.2021
103318

2021 yilda dunyoni kutayotgan asosiy xavf-xatarlar ma'lum qilindi 

Eurasia Group konsalting kompaniyasi dunyo 2021 yilda to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan asosiy xatarlarni sanab o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

Yangi yildagi asosiy xatarlar reytingida 1-o‘rinni “bo‘laklangan Amerika” egallagan. Ekspertlarning ta'kidlashicha, AQShning yarim aholisi davlat rahbarini noqonuniy deb hisoblaydigan davr kelmoqda. AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning noyabrda o‘tgan prezident saylovlari natijalarini tan olishni istamayotgani AQSh tarixida mamlakat qanchalik tarqoqlashganini ko‘rsatuvchi noyob hodisa hisoblanadi.    

Tahlilchilarning fikricha, dunyoni kutayotgan xatarlardan ahamiyatliligi bo‘yicha ikkinchisi koronavirus pandemiyasi hisoblanadi. Ta'kidlanishicha, pandemiya nafaqat odamlarga, balki siyosiy barqarorlik va jahon iqtisodiyotiga xavf solmoqda. Koronavirusga qarshi vaksinalarning taqsimlanishi esa boy va kambag‘allar orasidagi tavofutning yanada oshishiga olib keladi, bu esa ko‘plab davlatlarda tartibsizliklar keltirib chiqaradi.

Antireytingning 3-o‘rniga iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash joylashtirilgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu sohada global hamkorlik raqobatga aylanadi.  

Ekspertlar dunyoni yangi yilda kutayotgan asosiy xatarlar qatorida Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikning oshishini, boshqa davlatlarga maxfiy axborotni berishdagi murakkabliklar, kiberhududda ixtilof yuzaga kelishi ehtimolini sanab o‘tishgan. Bundan tashqari, ekspertlar Turkiya iqtisodiyotida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mavqeyini yomonlashtiradigan   muammolarni, neftning past narxlari sababli Yaqin Sharq davlatlari iqtisodiyotining zaiflashishi, Germaniya kansleri Angela Merkelning iste'fosini, Lotin Amerikasidagi ba'zi davlatlarda saylovlar va pandemiya sababli yuzaga keladigan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarni ajratib ko‘rsatishgan.   

Top