19:06 / 05.01.2021
20810

«Barselona» prezidentligiga qaytishi mumkin bo‘lgan Laporta Messi va Kumanning kelajagi haqida gapirdi

«Barselona» aytish mumkinki, so‘nggi yigirma yildagi eng yomon davrini o‘tkazmoqda. Jamoa o‘tgan mavsumda birorta ham sovrin yuta olmadi, hozirda peshqadamdan 10 ochko orqada bormoqda, so‘nggi o‘n yillikdagi yetakchi Leo Messi klubni tark etishi mumkin, buning ustiga, pandemiya bilan bog‘liq inqiroz juda og‘riqli kechyapti. Mana shunday muvaffaqiyatsizliklar fonida klub boshqaruvi uchun navbatdagi saylovlarga yaqin qoldi. Nomzodlar orasida bir paytlar klub prezidenti sifatida «Barselona»ni mana shunday inqirozdan olib chiqqan, avval Raykaard, keyin Pep Gvardiolani murabbiy sifatida tayinlab, tarixdagi eng to‘g‘ri qarorlardan birini qabul qilgan Xuan Laporta ham bor.

Marca nashriga intervyu bergan Xuan Laporta jamoadagi bugungi holat, Kumanning imkoniyatlari, Messini olib qolish va albatta «Real» haqida gapirdi.

«Barselona»ga bo‘lgan muhabbat - qaytishning asosiy sababi

«Chunki «Barselona»ni yaxshi ko‘raman. Menga chaqiriqlar yoqadi, hozirgi pallada «Barselona»dek klubni boshqarish men uchun katta chaqiriq deb bilaman. Albatta, avvalgi prezidentlik davrimda turli xatolarim bo‘lgan, ammo shu bilan birga g‘alabalar ham. Faqat yaxshi kunlarni yodga olishni yaxshi ko‘raman».

Bartomeu haqida

«Men 2015 yildayoq, o‘zining loyihasiga ega bo‘lmay turib, boshqaruvga kelgan odamlarga ishonmasligimni aytgandim. Biz Bartomeu jamoasiga juda yaxshi tizim va jamoa qoldirib ketgandik, ammo ular kerakli darajada ishlay olmadilar».

«Real» va Chempionlar Ligasi

«Biz tarkibimizda dunyoning eng yaxshi o‘yinchisiga ega bo‘la turib, bir necha bor Chempionlar Ligasi kubogini qo‘ldan chiqardik. Umid qilamanki, biz hali Messi bilan bor imkoniyatdan foydalanishga ulguramiz. Shuni ham e'tiborga olinglar, mening davrimda «Real» biror marta ham Chempionlar Ligasini yuta olmagan».

Kumanda hali imkoniyat bor

«Navbatdagi durangdan so‘ng, Ronald Kuman chempionlik poygasi boy berilganini aytdi. Lekin men uning fikriga qo‘shilmagan bo‘lardim. Raykaardning «Kamp Nou»dagi ilk mavsumini eslayman. Birinchi davrada «Real», «Valensiya», «Deportivo»dan ham mag‘lubiyatga uchragandik. Jadvalning ikkinchi yarmiga tushib ketdik. Ammo ikkinchi davrada hammasi o‘zgardi, qatorasiga 18 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadik, hatto chempion bo‘lishimizga bir baxya qolgandi. Aytmoqchimanki, futbolda ssenariy juda qisqa vaqt ichida o‘zgarib ketishi mumkin».

Messining intervyusi haqida

«Menga Messining La Sexta nashriga bergan intervyusi yoqdi. U hali yakuniy qarorga kelmaganini aytdi. Demak, bizda Messi bilan gaplashib, uni «Kamp Nou»da olib qolishga urinib ko‘rish imkoni bor. U biz, agar biror va'da bersak, so‘zimizda turishimizni ham juda yaxshi biladi».

VAR «Real» uchun ishlaydi

«Marsdan kimdir tushsa ham, u juda tez vaqt ichida VAR Ispaniyada Madrid foydasiga ishlashini osongina tushunib oladi. Bu yerda hech murakkab narsa yo‘q, shunchaki, o‘yinlarni tomosha qilib, qanday vaziyatlarda hakamlar videotakrorlarga murojaat qilayotgani-yu, qanday vaziyatlarda umuman e'tiborsiz qoldirayotganlarini solishtirish yetarli».

«Barselona» oldingidek kuchli emas

«To‘g‘ri, so‘nggi yillarda klub Yevropa futbolida o‘z e'tiborini yo‘qotib qo‘ydi. Bu FIFA, UYeFA, RFEF yoki La Ligadagi holatlarda ham yaqqol sezilardi. Biz futbol kelajagiga taalluqli bo‘lgan har qanday qarorlarda o‘z pozitsiyamiz bilan ta'sir ko‘rsatishimiz lozim. Men o‘z vaqtida RFEF’ning har bir yig‘ilishlarida ishtirok etardim va bu juda ahamiyatli edi». 

Top