15:51 / 05.01.2021
46036

Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu nimani anglatadi?

Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kiritildi. Bu – jamoatchilik, xususan ijtimoiy tarmoqlar faol foydalanuvchilarining xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Bu qonunning qabul qilinishi ayniqsa OAV va blogerlarni bir «silkitib» oldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Qonun so‘z erkinligini tahlika ostida qoldiradimi, degan savol ham yetarlicha yangradi.

Xo‘sh, bu xavotirlar qanchalik asosli? Qonun bilan so‘z erkinligini bo‘g‘ish maqsad qilinganmi yoki so‘z erkinligidan foydalanishda mas'uliyatli bo‘lishga da'vat qilinmoqdami?

O‘zi kodekslarga qanday yangilik kiritildi?

Qonunga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun tegishli kodekslarga ma'muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kiritildi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimcha (202-2-modda)ga ko‘ra:

  • Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari (1 fevralgacha 11 mln 150 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50–100 baravari miqdorida (22 mln 300 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha (244-6-modda)ga ko‘ra:

  • shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 150 baravarigacha (33 mln 450 ming so‘m) miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida yuqoridagi jinoyatlarni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda sodir etganlik uchun yana ham og‘irroq jazo choralari (BHMning 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘m) jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash) belgilangan.

Yuqoridagi moddalarni o‘qigan aksariyat o‘quvchini mavhum tasavvurlar qamrab olsa, ajab emas. Zero, huquqbuzarliklar ta'rifida bir qator umumiy tushunchalarning qo‘llangani ularni tushunib olishni qiyinlashtirmoqda.

Qonun ijodkori va amaliyotchilar qanday fikrda?

Bizningcha, ushbu huquqbuzarliklarni aniq tushunib olish uchun quyidagi bir qator savollarga javob izlashga to‘g‘ri keladi.

  • Yolg‘on axborot natijasida shaxsning qadr-qimmati kamsitilishi yoki uning obro‘sizlantirilishi bo‘yicha aniq chegara bormi yoki bunga har bir shaxs bo‘yicha individual baho beriladimi?
  • Yolg‘on axborot natijasida shaxsning obro‘sizlantirilishi deganda yuridik shaxs ham tushuniladimi yoki faqat jismoniy shaxs nazarda tutilyaptimi?
  • Qilmish yolg‘on axborot natijasida jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid solish deb baholanishi uchun biror bir minimal chegara bormi?
  • Yolg‘on axborot tarqatish bir qarashda tuhmat qilishga o‘xshab ketadi, ularni bir-biridan qanday farqlash mumkin?

Ushbu savollarga javob olish uchun qonunning bevosita muallifi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov bilan bog‘landik.

Deputatning aytishicha, ushbu qonun feyk-xabarlarni tarqatib, aholi orasida vahima va sarosima tarqatadiganlarni tiyib turish uchun ishlab chiqilgan hamda qonun shundoq ham asosli ma'lumotlarni beradigan ishonchli OAV va blogerlar uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi.

Yolg‘on axborot oqibatida qadr-qimmatning kamsitilishi yoki obro‘sizlantirish qanday aniqlanishi, kamsitishning chegarasi haqidagi savolimizga U.Jabborov quyidagicha javob berdi:

«Bunda aniq bir chegara mavjud emas. Buni aniqlash uchun har bir holatda individual yondashiladi. Shaxs yolg‘on axborot oqibatida o‘zini kamsitilgan deb topsa va sudga berishni lozim topsa, ana shundagina ushbu modda ishga tushadi. Sud esa ayblanayotgan shaxsning haqiqatda obro‘sizlantiruvchi so‘zlardan foydalanganini isbotlashi lozim. Bu masala sudda lingvistik yoki psixolingvistik ekspertiza tayinlash orqali aniqlanadi. Ekspertizada yolg‘on axborot to‘lig‘icha tahlil qilib chiqiladi».

Shuningdek, deputat kamsitish va obro‘sizlantirish faqat jismoniy shaxslarga nisbatan sodir etilishi va bu holat bo‘yicha sudga faqat jismoniy shaxslar ariza berishi mumkinligini bildirdi.

Qonun normalarini tatbiq qilishda sud amaliyoti bilan qiziqib, Oliy sud sudyasi Luqmon Qodirov bilan suhbatlashdik.

«Qonunchilikka ko‘ra, yolg‘on axborot deganda, haqiqatga to‘g‘ri bo‘lmagan ma'lumotlar tushuniladi. Qonunchilikda yolg‘on axborot natijasida shaxsning qadr-qimmati kamsitilishi yoki uning obro‘sizlantirilishi bo‘yicha aniq chegara mavjud emas. Shaxsning sha'ni va qadr-qimmatining kamsitilishi va uning obro‘sizlantirilishi uyatsiz shaklda ifodalangan bo‘lishi zarur. Uyatsiz shaklda deganda, shaxsning kishilar o‘rtasidagi muomalalarida ifodalangan, umume'tirof etilgan qoidalarga zid bo‘lgan salbiy xatti-harakatlari tushuniladi.

Shaxslarning sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlarni tarqatish deganda, ularni ommaviy axborot vositalarida chop etish, xizmat ta'rifnomalarida bayon etish, ko‘pchilik oldida so‘zlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan og‘zaki bo‘lsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi.

Bunday ma'lumotlarni faqatgina o‘ziga aloqador shaxsning o‘ziga aytish, bu ma'lumotlarni tarqatish deb qaralmaydi», – deydi Luqmon Qodirov.

Yolg‘on axborotning tuhmatdan farqi nimada?

Yolg‘on axborot tarqatishning tuhmat qilishga o‘xshash ekani, ularni bir-biridan qanday farqlash mumkinligi haqidagi savolimizga L.Qodirovning javobi quyidagicha bo‘ldi:

«Tuhmat qilish boshqa shaxsni obro‘sizlantiradigan yolg‘on, uydirmalarni tarqatishda ifodalanadi. Tuhmat qilish maqsadida uydirmalar tarqatish deganda, ularni hech bo‘lmaganda bir kishiga istalgan shaklda (og‘zaki, yozma ravishda, telefon orqali, kompyuter va internet yordamida) yetkazishni tushunish zarur.

Uydirma deganda, amalda mavjud bo‘lmagan yoki uydirmachi tomonidan soxtalashtirilgan hodisalarni tushunish kerak. Aybdor ilgaridan o‘zi tarqatayotgan uydirmalarning yolg‘onligini bilishi muhim.

Yolg‘on axborot tarqatishda esa haqiqatga to‘g‘ri bo‘lmagan ma'lumotlar tushuniladi».

Oliy sud sudyasining ma'lum qilishicha, yuqoridagi moddalar amaliyotda turlicha qo‘llanilishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish berilishi rejalashtirilmoqda.

Abbos Salaydinov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top