21:13 / 05.01.2021
19740
YUNISEF o‘zbek talabalari haqida: Ta'lim xarajatlari ularda stress va chorasizlik hissini uyg‘otmoqda

YUNISEF tashkiloti «Yuksalish» umummilliy harakati va Yoshlar ittifoqi hamkorligida tayyorlangan «O‘zbekiston yoshlari: chaqiriqlar va istiqbollar» mavzusidagi hisobotini e'lon qildi.

Respublika bo‘yicha 14–30 yosh oralig‘idagi 4458 nafar respondent orasida o‘tkazilgan so‘rov hisobot xulosalari uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.

«O‘zbekistonda bolalar va 30 yoshgacha bo‘lganlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. 15–20 yildan keyin ular mamlakat tarixida eng katta hajmdagi ishchi kuchini hosil qiladi. Shu bois bolalar va yoshlar masalalari O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega», deyiladi hisobotda.

O‘tkazilgan so‘rov xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab tahsil oluvchilar umumiy hisobda ta'lim infratuzilmasi (o‘quv materiallari, ta'lim muassasalaridagi muhit)dan qoniqishini bildirgan bo‘lsa-da, qishloq hududlarida shaharga nisbatan ahvol yomonroqligini aytishgan.

Shuningdek, talabalar o‘quv tizimi ko‘proq motivatsiya uyg‘ota oluvchi, amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lishini, til ko‘nikmalari ish savodxonligini oshirishni xohlashlarini aytishgan.

«Ko‘plab talabalarda ta'lim bilan bog‘liq xarajatlar stress va chorasizlik hissini chaqiradi. Bu xarajatlar qatorida yoshlar repetitorlik mashg‘ulotlari uchun to‘lov, pora berish holatlari, OTMlarda o‘qish to‘lovlarining yuqoriligini ko‘rsatishgan», deyiladi hisobotda.

Uy va oila yumushlari, yangi iqtisodiy imkoniyatlar izlashda mobillikning pastligi yosh ayollarning shaxsiy daromadiga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.

19–30 yoshlilar orasida ta'limni, kasbiy tayyorgarlikni davom ettirmaydiganlar va ishlamaydiganlar ulushi 54,6 foizini tashkil qiladi. Bu borada ayollarning ulushi sezilarli darajada ko‘p 74 foiz.

Mamlakat yoshlarining kompyuterni o‘rganishga qiziqishi yuqori bo‘lsa-da (86,9 foiz), kompyuterda umuman ishlay olmaydigan yoshlar asosan ayollar va qishloq hududida yashovchilar qatlami ham (37,8 foiz) mavjud.

Yoshlar isloh qilinishi zarur bo‘lgan sohalar qatorida sifatli ta'lim, kasbiy tayyorgarlik, yoshlar orasidagi ishsizlik va daromadlar pastligi bilan samarali kurash, erta turmush, ajrimlar, katta va yosh avlod o‘rtasidagi ziddiyat kabi ijtimoiy muammolarni ko‘rsatishadi.

Yosh avlodning aksariyati siyosiy yangiliklarga qiziqish ko‘rsatib, o‘z fikrini erkin ifodalay olishini bildirsa-da, juda kamchilik yoshlar jamoat va siyosiy tashkilotlar faoliyatida ishtirok etadi.

Top