22:04 / 06.01.2021
2620
Apple ayfonning buklanuvchi versiyasi ustida ish olib borayotgani ma'lum qilindi

Manbalarga ko‘ra, Apple kompaniyasi turli dizayndagi buklanuvchi iPhone’lar ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. 

Foto: Reuters

Gizmochina.com nashrining xabar berishicha, buklanuvchi ayfonlardan biri dizayni bo‘yicha o‘rtasidan buklanuvchi Samsung Galaxy Z Flip yoki Motorola Razr modellariga o‘xshash. Boshqa biri esa ikkita ekrani sharnir bilan birikkan, kitob kabi yopiluvchi Microsoft Surface Duo’ga o‘xshash ishlangan. Modellardan biri gorizontal bo‘yicha, ikkinchisi esa vertikal bo‘yicha buklanadi. 

Manbalarning ta'kidlashicha, ikkita model ham Xitoydagi Foxconn zavodida ishlab chiqilgan va mustahkamlikka sinovlardan o‘tkazilgan. Hozircha ushbu modellar to‘liq ishchi holatda bo‘lmay, faqatgina ularning korpusi va displeyi sinovdan o‘tkazilgan.

Nufuzli insayder Jon Prosserning ta'kidlashicha, buklanuvchi ayfonning korpusi chetlari iPhone 11 kabi zanglamas po‘latdan bo‘ladi.

Hozircha AQSh kompaniyasi ikkala modelni ham chiqarishi yoki yagona yakuniy mahsulot uchun turli g‘oyalarni sinayotgani noma'lum. Ta'kidlanishicha, buklanuvchi ayfonlar 2022 yildan oldin paydo bo‘lmaydi. 

Top