16:00 / 06.01.2021
4600
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2020 yilda 821 mln dollarlik mahsulot eksport qildi
Foto: OKMK

Dunyodagi global pandemiya sharoitiga qaramay, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2020 yilda belgilangan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi.

Jumladan, kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport rejalari ham ortig‘i bilan uddalandi.

O‘tgan yili 80000 tonna mis katodi eksport qilinishi belgilangan bo‘lsa, amalda Xitoy va Turkiya davlatlariga 93580 tonna mahsulot jo‘natilib, reja 117 foizga bajarildi.

Yildan yilga talabgir bo‘lib borayotgan kombinatning mis quvurlari eksportida ham quvonarli natijalar qayd etildi.

3800 tonna mis quvurlari eksporti rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va Ukraina davlatlariga 3994 tonna mis quvurlari eksport qilingan. Reja 105,1 foizga bajarilgan.

O‘tgan 2020 yilda 35 ming tonna sulfat kislotasi eksport qilinishi belgilangan bo‘lib, amalda esa qo‘shni Qozog‘iston respublikasiga 53462 tonna sulfat kislotasi yuborilgan holda reja 152,7 foizga uddalandi.

Reja bo‘yicha 6000 tonna mis kuporosi Polsha, Ukraina, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Indoneziya davlatlariga eksport qilinishi belgilangan edi. Amalda esa 8351 tonna mis kuporosi jo‘natilib, reja 139,2 foizga bajarilgan.

Molibden metallining asosiy xaridori bo‘lgan Niderlandiya davlatiga ushbu mahsulotdan 686 tonna yetkazib berildi va rejaviy vazifa 110,6 foizga bajarildi. Reja bo‘yicha 620 tonna belgilangan edi.

Qo‘rg‘oshin mahsulotlari eksporti -113,4 foizga bajarilgan. Ushbu mahsulotning asosiy importyori Qozog‘iston Respublikasi hisoblanadi.

Reniy metallining eksport rejasi 220,8 foizga, selen metallining eksporti 160 foizga bajarildi. Ushbu nodir metallar bugungi kunda asosan Rossiya va Xitoyga eksport qilinadi.

2020 yil davomida 185544 tonna portland sement va sement Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilindi.

OKMK tomonidan 2020 yilda xorijiy xaridorlarga jami 821 mln 364 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, rejaviy vazifa 101,4 foizga bajarildi.

OKMK Axborot xizmati

Top