15:18 / 06.01.2021
13097
Kozim To‘laganov sifatsiz qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov qurilayotgan obektlarning sifati qanday nazorat qilinayotganiga to‘xtalib, qurilish jarayonida aniqlangan kamchiliklar buzib qaytadan to‘g‘rilanmagunga qadar ularning moliyaviy ta'minoti to‘xtatib qo‘yilayotganini ma'lum qildi.

«2020 yil davomida qurilish nazoratini kuchaytirish bo‘yicha hukumatning uchta qarori chiqdi. Bugungi kunda qurilayotgan hajmni olsak, bir yilda 20 ming atrofida imorat qurilyapti. Shularda 60 mingga yaqin nazorat o‘tkazilib, 15 mingga yaqin qaytadan qilish masalalari majburiy shart qilib qo‘yildi. Buzib qaytadan joyiga olib kelmaguncha uning moliyasi to‘xtatib turildi. 80 milliard so‘mga yaqin mablag‘ni to sifat to‘g‘rilanmaguncha to‘xtatib qo‘ydik. Ro‘yxatdan o‘tgan hamma obektlarning nazorati bor. Biriktirilgan inspektor tizimli ravishda chiqib hammasini kuzatib turibdi.

Qilayotgan asosiy ishlarimizdan yana bittasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatini shaffof qurilish tizimiga o‘tkazdik. O‘sha inspektor har bir obektga borganda kimga qancha topshiriqlar berdi, uni bajarish uchun qancha muddat belgiladi, bularning hammasi shaffof tizimga o‘tkazildi. 1 yanvardan butun respublikadagi hamma qurilish shaffof tizimga o‘tkazilmoqda. Tizimda qurilish yuzasidan qancha e'tiroz berilgan, kim qabul qilib olgan, qancha muddatda bajarilishi kerak – hammasi ko‘rinib turadi», deya Kozim To‘laganovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Qurilish vazirligi tomonidan ishga tushirilgan «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • obektlarning manzilli dasturi, obektlarning yillik manzilli ro‘yxati shakllantirilishini, ma'lumotlar bazasi yangi qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash obektlari bo‘yicha turlarga bo‘lib yuritilishini ta'minlash;
  • obektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hududiy yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari tomonidan loyihaoldi ishlarining amalga oshirilishi, buyurtmachi bilan loyiha tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuzilishi va avans mablag‘lari ajratilishi hamda ishlar tugallanganligi to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma'lumotlarning muntazam elektron bazaga kiritib borilishi va yuritilishini ta'minlash;
  • loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda buyurtmachi va ekspertiza tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomalar, ko‘rsatilgan xizmatlarning moliyalashtirilganligi, tugallangan loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilganligiga oid elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
  • obektlar qurilishini moliyalashtirishda pudratchi bilan buyurtmachi o‘rtasida shartnoma imzolanganligi va avans mablag‘lari to‘langanligi, oyma-oy bajarilgan ishlarning hisobotini yuritish va bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilganligi to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma'lumotlarning elektron bazasini shakllantirish;
  • obektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchilar va yordamchi pudratchilar haqida ma'lumotlarni yig‘ish, bajarilgan ish hajmlari asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari bo‘yicha ma'lumotlar bazalarini shakllantirish;
  • obektlarda qurilish jarayonlarini nazorat qilish va monitoring olib borishda ularni ro‘yxatga olish, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ma'lumotlar bazalarini shakllantirish.
Top