22:26 / 06.01.2021
11001
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimida 7 milliard so‘mlik moliyaviy qonunbuzilishlar aniqlandi

Samarqand viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida jami 7 mlrd so‘mlik talon-torojlik va suiiste'molchiliklar aniqlandi. Qator mas'ullarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Samarqand viloyatida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalarini ma'lum qildi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida 7 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlarini aniqlagan.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalari 9,256 mlrd so‘mlik dori vositalariga muqobil takliflar bo‘lsa-da, 14,902 mlrd so‘mga, ya'ni 5,643 mlrd so‘m qimmat narxlarda davlat xaridlarini amalga oshirgan.

Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda 4,999 mlrd so‘mlik qiymatdagi tender va 186,1 mln so‘mlik elektron do‘kon shaklidagi xaridlar qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingan.

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 2020 yilning 9 oyi davomida jami 1 mlrd 384 mln so‘mlik talon-torojlik, moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Misol uchun, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali tomonidan tez tibbiy yordam brigadalariga jalb qilinmagan hamda ishlayotgan shtat birligiga nisbatan ortiqcha 48 nafar xodimga 124,5 mln so‘m rag‘batlantirish uchun mablag‘lar ortiqcha to‘lab yuborilgan.

«Ishchi guruh tomonidan aniqlangan talon-torojlik va suiiste'molliklar miqdori jami 7 mlrd so‘mni tashkil etdi»,– deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi xabarida.

Agentlik o‘rganish yakunlari bo‘yicha hujjatlarni Bosh prokuraturaga yuborgan.

Bu hujjatlar asosida Samarqand viloyat prokuraturasi viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari va viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Top