11:28 / 06.01.2021
2639
Sergeli orqali harakatlanuvchi avtobuslar yo‘nalishining maqbullashtirilishi yuzasidan izoh berildi

Sergeli yer usti metro yo‘nalishi ishga tushirilishi munosabati bilan Toshkent shahrida 2021 yil 11 yanvar sanasidan 8-, 32-, 38-, 80-,131-, 132-, 133-sonli avtobus yo‘nalishlari maqbullashtirilishi ma'lum qilindi. Bu xabar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

2020 yil 26 dekabrdan boshlab, Toshkent metropolitenining Sergeli yer usti yo‘nalishining ochilishi munosabati bilan Sergeli va Yangihayot tumanlari orqali harakatlanuvchi 7 ta avtobus yo‘nalishlari faoliyatini 2021 yil 11 yanvar kunidan boshlab muvofiqlashtirish joriy qilindi.

“Toshshahartransxizmat” tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, Sergeli 7-dahasidan – Chilonzor 25-dahaga qatnovchi 8-sonli, Sergeli 7-dahadan – Gulobod ko‘chasiga qatnovchi 132-sonli avtobus yo‘nalishlarini yopish, 32-, 80-, 131-, 133-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatini qisqartirish, 38-sonli avtobus yo‘nalishi harakatini esa uzaytirish belgilangan edi.

Rejada keltirilishicha, mazkur 7 ta avtobus yo‘nalishlaridan bo‘shagan 25 ta avtobuslar Sergeli, Yangihayot va Chilonzor tumanlaridagi yo‘lovchilar oqimi ko‘p bo‘lgan va avtobuslar soni yetishmayotgan boshqa yo‘nalishlarga qo‘yiladi.

Xususan:

131-sonli “Do‘stlik 2-mavzesi – Olimpiya mavzesi” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish huquqi “12-avtobus saroyi” MChJdan “4-avtobus saroyi” MChJga o‘tkaziladi. Ushbu yo‘nalish harakati “Do‘stlik 2-mavzesi”dan “Janubiy vokzal” avtoshohbekatigacha qisqarayotganligi munosabati bilan yo‘nalishdagi jadvallar soni 12 ta etib belgilanadi. 8-sonli avtobus yo‘nalishi yopilishi hisobiga bo‘shagan 12 ta Mercedes Benz rusumli avtobuslar “4-avtobus saroyi” MChJ tomonidan 131-sonli yo‘nalishda tasarruf etiladi;

62-sonli “Do‘stlik 2-mavzesi – M.Yusuf ko‘chasi” avtobus yo‘nalishidagi harakat tarkibi 8 ta SAZ LE-60 rusumli o‘rta sig‘imli avtobuslardan 10 tasi MAN A22 rusumli katta sig‘imli avtobuslarga o‘zgartiriladi hamda yo‘nalishda harakatlanadigan avtobuslarning soni 8 tadan 10 taga (+2 ta) ko‘paytiriladi;

47-sonli “Do‘stlik 2-mavzesi – Gulobod ko‘chasi” avtobus yo‘nalishida harakatlanadigan avtobuslarning soni 8 tadan 12 taga (+4 ta katta sig‘imli avtobuslarga) oshiriladi;

58-sonli “Do‘stlik 2-mavzesi – Ekskavator zavodi” avtobus yo‘nalishida harakatlanadigan avtobuslarning soni 16 tadan 18 tagacha (+2 ta katta sig‘imli avtobuslarga) yetkaziladi;

40-sonli “Sergeli 12-dahasi – Toshkent vokzali” avtobus yo‘nalishida harakatlanadigan avtobuslarning soni 8 tadan 10 taga (+2 ta katta sig‘imli avtobuslarga) ko‘paytiriladi;

48-sonli “Novator IChB – Al-Xorazmiy mavzesi” avtobus yo‘nalishidagi harakat tarkibi 4 ta ISUZU rusumli kichik sig‘imli avtobuslardan 8 ta SAZ LE-60 rusumli o‘rta sig‘imli avtobuslarga o‘zgartiriladi. Yo‘nalishda harakatlanadigan avtobuslar sonini 4 tadan 8 taga oshirishga erishiladi;

48-sonli avtobus yo‘nalishidan bo‘shagan 4 ta ISUZU rusumli avtobuslar belgilangan jadvallar sonini to‘ldirish uchun avtobuslar soni yetishmayotgan 66-sonli “Sergeli Sputnik 17-dahasi – Toshkent vokzali”, 184-sonli “Binokor qo‘rg‘oni – Qipchoq avtoshohbekati” avtobus yo‘nalishlariga biriktiriladi. 66-sonli yo‘nalishga 2 ta, 184-sonli yo‘nalishga 2 ta ISUZU rusumli avtobuslar biriktiriladi. 40, 47, 48, 58, 62-sonli avtobus yo‘nalishlaridagi avtobuslar sonining jami 14 taga ko‘paytirilishi “Do‘stlik 2-mavzesi - Janubiy vokzal” manzillari oralig‘ida harakati qisqarayotgan 131-sonli yo‘nalishga muqobil yo‘nalishlarni shakllantirish imkoniyatini beradi;

135-sonli “Nazarbek qo‘rg‘oni – To‘qimachilik kombinati” avtobus yo‘nalishida harakatlanadigan avtobuslarning soni 7 tadan 10 taga (+3 ta kichik sig‘imli avtobuslarga) qo‘shiladi;

32-sonli “Erkin qo‘rg‘oni – Gulobod ko‘chasi” avtobus yo‘nalishida harakatlanadigan avtobuslarning soni 8 tadan 10 taga (+2 ta kichik sig‘imli avtobuslarga) ko‘paytiriladi.

Shuningdek, yo‘lovchilar tomonidan Sergeli va Yangihayot tumanlari hududidan Chilonzor tumanidagi bekatlargacha yetib olish uchun jamoat transportlarida - metropolitenda (5-bekatdan – Chilonzor bekatigacha) – 15 daqiqa, avtobusda (Do‘stlik va Sergeli yarmarka bekatlaridan) – 35-50 daqiqani tashkil etishi maqsad qilingan.

Rejaga muvofiq, aholining metropoliten xizmatidan foydalanishga o‘tishi natijasida, ularning jamoat transportlaridagi qatnov vaqtlari 70 foizgacha tejaladi.

Top