20:42 / 06.01.2021
21816
Toshkentdagi yangi «VIP» aeroportning qurilishiga 140 million dollar sarflanmoqda

2021 yilda «Toshkent-Sharqiy» aerodromida yangi fuqaro aviatsiyasi aeroport kompleksining 1-bosqich qurilish ishlari tugallanadi. Loyihaning umumiy qiymati 140 million dollarga teng.

Foto: Heerim Architecs

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi hududida zamonaviy fuqaro aviatsiyasi aeroport kompleksining 1-bosqich qurilish ishlari shu yilning yakuniga qadar amalga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ma'lumot berilgan.

Ta'kidlanishicha, aerodrom hududidagi fuqaro aviatsiyasi aeroport kompleksi soatiga 250 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangan. Loyihaning umumiy qiymati 140 million dollar bo‘lib, shuning 40 million dollar qismi 2021 yilda o‘zlashtiriladi. Loyihaning so‘mdagi qiymati 436 milliard bo‘lib, shuning 327 milliard so‘mi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi moliyasi, 109 milliard so‘m esa tijorat banklar krediti asosida shakllantirilgan.

2018 yil may oyida «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasini qurish» loyihasi haqida xabar berilgandi. O‘shanda Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lgan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazilgandi. Ayni paytda loyiha «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyihaning birinchi bosqichida uchish-qo‘nish chizig‘i va sutkasiga 6 ming yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan terminal barpo etish rejalashtirilgan. Barcha qurilish ishlari 2018-2020 yillarda davom etishi nazarda tutilgandi. 

Ta'kidlanishicha, «Toshkent-Sharqiy» yangi quriladigan aviatsiya majmuasida oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va kuzatishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.  

Top