11:38 / 06.01.2021
12955

«Ular ishlamagani uchun odamlar ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilishga majbur bo‘lyapti» - Senat raisi hokim va deputatlarni tanqid qildi

Senat raisi Tanzila Norboyeva videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilayotgan o‘n birinchi yalpi majlisda mahalliy kengashlar 2021 yildagi faoliyatida e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruv organlarining 25dan ortiq masalalarda mahalliy kengashlarda hisobot berishi belgilab qo‘yilgan, buni hamma mahalliy kengashlar yaxshi biladi. Shunday ekan, bu masala mahalliy kengashning ish rejasida to‘liq aks ettirilishi maqsadga muvofiqdir. Bunda ish rejalar hududlarning xususiyatidan kelib chiqib belgilanadi.

Ikkinchidan, mahalliy kengash budjetni tasdiqlab beruvchi emas, balki budjetni ijroga yo‘naltiruvchi organga aylanishi kun talabidir», dedi senat raisi.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva mahalliy kengash deputatlarini xalq bilan ishlab, ularning muammolariga yechim topish yoki huquqiy tushuntirish berishga chaqirdi.

«Juda ko‘p murojaatlar bo‘ladi, ba'zilari huquqiy asosi yo‘q va noto‘g‘ri murojaatlar ham bo‘ladi. Xalqimiz tushunmasligi mumkin, buni erinmasdan tushuntirib berish kerak. Mana shu ishlar qilinmagani uchun bular ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketyapti. Ijtimoiy tarmoqqa chiqib, murojaat qilish urf bo‘lyapti.

Qani hokim, deputat va sektor rahbari? Nega fuqarolar prezident yoki boshqa amaldorlarga ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilyapti? Demak, ana shu [mahalliy] organlarning ishi qoniqarsiz bo‘lgani uchun odamlar shunga majbur bo‘lyapti.

Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz lozim, hal etilmagan yoki to‘g‘ri tushuntirilmagan har qanday masala ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta'sir etadi», dedi Tanzila Norboyeva.

Top