20:29 / 06.01.2021
7229
Vazir O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarni qurishga oid normativ baza talabga javob bermasligini aytdi

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida qurilish vaziri Botir Zokirov ilgari ko‘p qavatli uylar 9 qavatdan oshmagani, hozir esa uylar 16-20 qavatli qilib qurilayotgani, bu masalada normativ baza talabga javob bermasligini ta'kidladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Shaharsozlik kodeksi bilan qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni doimiy yangilab borish bo‘yicha tartiblar tasdiqlandi, kodeksning 4-6-bandlarida hammasi ko‘rsatilgan. Qurilish vazirligi bugungi kunda barcha vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlashga majbur. Nimaga? Masalan, energetika sohasini Energetika vazirligidagilar yaxshiroq bilishadi. Ushbu vazirlik normativ-huquqiy hujjatlarini biz bilan birgalikda ishlab chiqishadi, biz ularni muvofiqlashtiramiz va tasdiqlaymiz.

Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha juda dolzarb masalamiz bor. Ilgari ko‘p qavatli uylarimiz 9 qavatdan oshmagan bo‘lsa, hozir 16-20 qavatga ko‘tarildi. Bu masalada bizning normativ bazalarimiz talabga javob bermayapti. Chet eldan olimlarni taklif qilib, shu uylarning zilzilabardoshliligi, yong‘in xavfsizligi va sanitariya normalari talablariga javob berishiga doir hamma normativlarni o‘zgartirish bo‘yicha to‘laqonli sharoitga ega bo‘ldik.

Bugun Senat tomonidan ma'qullangan kodeksda Qurilish vazirligi har bitta mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda shu sohaga tegishli bo‘lgan normativ bazalarni ko‘rib chiqib, tasdiqlab, amaliyotga joriy qilishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Bizning boshqa yo‘limiz yo‘q. Hamma vazirliklar bilan birgalikda bu ishlarni qilishimiz kerak», deya Botir Zokirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining bugun – 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi senatorlar tomonidan ma'qullangan edi. Buning natijasida 2002 yildan beri amalda bo‘lib kelgan Shaharsozlik kodeksi o‘z kuchini yo‘qotib, o‘rniga endilikda ushbu Kodeksning yangi tahrirda ishlab chiqilgan varianti kuchga kiradi.

Top